Bugun mamlakatimiz tibbiyoti tizimida keng ko‘lamli, agar ta’bir joiz bo‘lsa, tarixiy islohotlar va yangilanishlar amalga oshirilmoqda. Bu orqali sog‘liqni saqlash sohasini eng ilg‘or xorijiy tajriba asosida isloh qilish, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning zamonaviy tizimini shakllantirish va sohaga yangi boshqaruv tamoyillarini joriy qilish, pirovardida esa xalqimiz roziligiga erishish asosiy maqsad qilingan. 

Bu jarayonda Prezidentning shu yil 19-maydagi “Respublikada sog‘liqni saqlash tizimini va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish tamoyillarini takomillashtirish orqali sohani isloh qilishni izchil davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Farmoni va uning ijrosiga yo‘naltirilgan qarori dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Xo‘sh, olti banddan iborat bo‘lgan Farmondan ko‘zlangan asosiy maqsad-muddao nimalardan iborat?

Birinchi maqsad —  xalqaro tajribaga asoslangan aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning yangi modelini joriy qilish. 
Ma’lumki, bu borada xalqaro miqyosda katta tajriba to‘plangan bo‘lib, undan samarali foydalanish biz uchun ayni muddaodir.
 
Ikkinchi maqsad — birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari, xususan, tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari, oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalar, mahalla tibbiyot punktlari faoliyatini yagona yondashuv asosida tashkil qilish orqali aholiga tibbiyotni yanada yaqinlashtirish. 
Sohaning xalqqa yaqinlashtirilishi odamlarning tizimdan roziligini yanada kuchaytirishi kunday ravshan haqiqat.

Uchinchi maqsad — aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishda oilaviy shifokor ulushini 70 foizga yetkazish. 
Hozirgi paytda bu boradagi ko‘rsatkich unchalik maqtanarli bo‘lmagani bois ushbu maqsadni har qancha olqishlasak arziydi. 

To‘rtinchi maqsad — sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish hamda tibbiyotda qog‘ozbozlikni kamaytirish orqali xodimlar ish yuklamasini 30 foizgacha kamaytirish. 
Bilasiz, yaqingacha ko‘plab xodimlarning vaqti qog‘ozbozlik yumushlariga ketib qolayotgan edi. Tizimda raqamlashtirish boshlangach, ushbu masalaga o‘z-o‘zidan yechim topilmoqda. Jarayonlar shu tarzda davom etadigan bo‘lsak, yangi marrani zabt etish ham qiyin kechmaydi, nazarimizda.

Beshinchi maqsad — aholining birlamchi tibbiy-sanitariya yordamidan roziligi darajasini 85 foizdan oshirish. 
Tabiiyki, bunga erishish oson bo‘lmaydi. Chunki, ayni chog‘da bu boradagi ko‘rsatkich unchalik yuqori emas. Ammo islohotlar shiddatiga qarab, buni ham ro‘yobga chiqarish mumkinligiga ishonasan, kishi. 

Oltinchi maqsad — tibbiyot xodimlarini samaradorlikning eng muhim ko‘rsatkichi asosida moddiy rag‘batlantirish tizimini joriy qilish. 
Gap shundaki, qayerda sog‘lom rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yilsa, o‘sha yerda intilishlar kuzatiladi va yutuqlar bot-bot qo‘lga kiritilaveradi.  

Yettinchi maqsad — tibbiyot brigadalari xodimlarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish.
Sir emas, bugun har qanday islohot istiqbolini bilimli va malakali kadrlar hal qiladi. Shu ma’noda, bu masalaga e’tibor yanada oshirilayotgani ayni muddao bo‘lgan.

Ko‘rinib turibdiki, Farmonda ulkan va ezgu maqsadlar ko‘zda tutilgan. Ularning hammasini birlashtirib turgan jihat esa — odamlar roziligiga erishish. Ishonamizki, barcha vazifalar muvaffaqiyatli ijro qilinadi va xalqimizning tibbiyotdan roziligi yanada oshadi. 

 

Sog‘liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.