Voyaga yetmagan qizni muntazam zo‘rlab kelgan 32 yoshli Abror Kozubayev jinoiy jazoga tortildi. Bu haqda Toshkent shahar sudi matbuot kotibi Zokirjon Qo‘ziboyev  xabar berdi.

Qayd etilishicha, 5 nafar bolaning otasi bo‘lgan 32 yoshli erkak qonuniy xotini bo‘la turib, boshqa bir erkak bilan rasmiy nikohi bekor qilinmagan ayolni o‘ziga ikkinchi xotin qilib olgan. Bundan tashqari, u ikkinchi xotinining voyaga yetmagan (11 yashar) qizini ham muntazam zo‘rlab kelgan.Voyaga yetmagan shaxsga nisbatan jinsiy jinoyat sodir etgan A.K rad etib bo‘lmas dalillar bilan qo‘lga olingan.

Ma’lum qilinishicha, Abror Kozubayevga oid jinoyat ishi yopiq sud majlisida ko‘rib chiqilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudining 2024-yil 27-dekabrdagi hukmi bilan Abror Kozubayev Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi 2-qismi bilan ayblash epizodi bo‘yicha harakatlarida jinoyat tarkibi bo‘lmagani sababli aybsiz deb topilib, oqlangan. 

U Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi, 126-1-moddasi (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) 3-qismi, 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi, 25,119-moddasi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) 4-qismi va 119-moddasi 4-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Unga tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan 17 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Tayinlangan jazoning 1 yilini turmada, qolgan qismini umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan. Shuningdek, hukm qonuniy kuchga kirgach, Abror Kozubayevdan jabrlanuvchi M.A. foydasiga jinoyat oqibatida yetkazilgan 254,6 mln so‘m moddiy zararni undirish nazarda tutilgan.

Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya instansiyasining 2025-yil 17-apreldagi ajrimi bilan birinchi instansiya sudi hukmining Abror Kozubayevga oid qismi o‘zgartirilgan. Ya’ni uning harakatlaridan o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish jinoyati hamda ushbu jinoyat bo‘yicha tayinlangan jazo chiqarilgan. Shu tariqa, Abror Kozubayevga jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan 16 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Hukmning qolgan qismi o‘zgarishsiz, apellyatsiya shikoyati qanoatlantirilmasdan qoldirilgan.