O’zbekiston Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi rahbari «Farg‘ona vodiysidagi do‘stlik ko‘prigi» forumida ishtirok etadi

Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi rahbari «Farg‘ona vodiysidagi do‘stlik ko‘prigi» forumida ishtirok etadi

Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari, elchi Sharlotta Adrian «Farg‘ona vodiysidagi do‘stlik ko‘prigi» forumida ishtirok etadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan va Konrad Adenauer jamg‘armasi tomonidan amalga oshirilayotgan «Markaziy Osiyoda bag‘rikenglik va tinchlik uchun transchegaraviy ko‘p tomonlama muloqot» mintaqaviy loyihasi doirasida o‘tkazilmoqda.

Forumda O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistondan hukumat vakillari, yoshlar yetakchilari va ekspertlar ishtirok etayapti.

Sharlotta Adrianning Farg‘ona politexnika instituti rahbariyati va YEI tomonidan moliyalashtiriladigan “Erasmus+” dasturining mahalliy koordinatorlari bilan uchrashishi rejalashtirilgan.

Farg‘ona vodiysi suv resurslarini boshqarish loyihasiga tashrif ham nazarda tutilgan. Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan BOMCA10 dasturi (Markaziy Osiyoda chegaralarni boshqarishga ko‘maklashish dasturi) ustida ish olib borayotgan “Taraqqiyot” NNTda, shuningdek, yana bir loyiha – «Spotlight Initiative Programme» granti sohibi “Mehrjon” NNTda mahalliy ishbilarmonlar bilan uchrashuvlar tashkil etiladi.

Mazkur loyiha huquqshunoslar, psixologlar, ijtimoiy soha xodimlari va viloyatdagi 20 ta NNT yetakchilarini o‘qitish orqali oila va jamiyatda zo‘ravonlik holatlarining oldini olishga qaratilgan.