Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston xalqiga bayram tabrigi
Oʻzbekiston xalqiga bayram tabrigidan…
Aziz vatandoshlar, muhtaram faxriylar!
Bugungi shonli bayram – 9-may – Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk g‘alabaning 79-yilligi munosabati bilan mo‘tabar faxriylarimizni, ko‘p millatli butun xalqimizni samimiy muborakbod etib, barchangizga o‘zimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni bildiraman.
Ushbu qutlug‘ kunda insoniyat tarixidagi eng dahshatli urushda jasorat ko‘rsatib, bashariyatni fashizm balosidan saqlab qolgan qahramon ota-bobolarimiz hamda front ortida mardona mehnat qilib, g‘alabani ta’minlashga munosib hissa qo‘shgan mard va olijanob yurtdoshlarimiz xotirasiga yuksak hurmat-ehtirom bajo keltiramiz.
Jang maydonlaridan omon qaytib, mamlakatimiz ravnaqi yo‘lida fidokorona xizmat qilgan, bugungi kunda ezgu duolari bilan hayotimizning fayz-u farishtasi bo‘lib kelayotgan qadrli urush va mehnat faxriylariga cheksiz tashakkurimizni izhor etamiz.
Ayni vaqtda mustaqillik yillarida Vatanimiz ozodligi, xalqimizning tinchligi va osoyishtaligini himoya qilish hamda o‘z xizmat burchini ado etish yo‘lida halok bo‘lgan jasur harbiylarimiz xotirasini minnatdorlik bilan esga olamiz.