Ixtiro birinchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri iste’mol qilinadigan COVID-19 vaksinasi sifatida ilmiy hamjamiyatga taqdim etildi.
O‘zbek olimlari tomonidan genetik vektorlar va pomidor o‘simligi asosida koronavirus infeksiyasiga qarshi birinchi marta pomidor o‘simligidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri iste’mol qilinadigan yangi avlod COVID-19 vaksinasi yaratildi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.
Aytilishicha, mazkur nav koronavirusning S1 antigen oqsilini kodlovchi gen fragmenti maxsus vektorlarga joylashtirilishi natijasida yaratilgan. U S1 antigeni oqsilini muntazam ishlab chiqaruvchi pomidor hisoblanadi.
Pomidor mevasida 0.77 mkg/gr miqdorida turg‘un S1 antigen oqsili sintez bo‘lishi ko‘rsatib berildi va TOMAVAC vaksinasi sifatida tanlab olindi.
Vazirlik vaksina sifatida yaratilgan bu pomidordan qancha miqdorda iste’mol qilganda COVID-19 ga qarshi antitanacha hosil bo‘lishi, meyoridan ko‘p iste’mol qilish, nojo‘ya holatlarni tushintirib o‘tdi.
“Ko‘ngilli insonlarda o‘tkazilgan 1-faza immunogenlik va bioxavfsizlik sinovlarda ular tomonidan 50 gram (38,5 mkg S1 antigeni) pomidorni (TOMAVAC) nahorga 3 kun davomida (umumiy 150 gram pomidor yoki 115,5 mkg S1 antigeni) is’temol qilganda ularning qon zardobidagi neytrallovchi antitanachalar faolligi birinchi kunga nisbatdan haftasiga 1,2 (o‘rtacha +42,28 BAU/ml) barobar ko‘tarilib borgan, bu holatda ko‘ngillilarda hech qanday nojo‘ya holatlar kuzatilmagan”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, mazkur nav ikki bosqichli (ichak shilliq pardasi va qonda) himoyani ta’minlovchi xavfsiz vaksina ekanini ko‘rsatdi. U birinchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri iste’mol qilinadigan COVID -19 vaksinasi sifatida ilmiy hamjamiyatga taqdim etildi.
Ma’lum qilinishicha, olingan pomidor o‘simligining yuqori turg‘un avlodi seleksiya qilinmoqda va kelgusida 2-3 faza klinik sinovlari o‘tkazilgandan so‘ng, ehtiyojga qarab alohida maydonlarda yetishtirilishi mumkin.