O’zbekiston Furqat tumani “Chirkay” mahallasining yangi maʼmuriy binosi foydalanishga topshirildi

Furqat tumani “Chirkay” mahallasining yangi maʼmuriy binosi foydalanishga topshirildi

Davlat rahbari topshirigʻiga asosan butun mamlakatimiz boʻylab eng chekka va olis hududlarda “Obod xonadon”, “Obod koʻcha”, “Obod mahalla” mezonlarini joriy etish boʻyicha keng koʻlamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari olib borildi.
Avval xabar berganimizdek, Respublika ishchi guruhi boshchiligida tanlangan 56 ta “qizil” toifadagi mahallalar qatoriga Furqat tumanidagi “Chirkay” mahallasi ham kiritildi.
Qomusimizning oʻttiz bir yilligi arafasida mahallada “Obod xonadon”, “Obod koʻcha”, “Obod mahalla” mezonlarini joriy qilish, hudud infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha keng koʻlamdagi amaliy ishlar yakunlandi.
Bugun mahallaning muhtasham binosi foydalanishga topshirildi. Unda Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozarov, Respublika ishchi guruhi vakili Botir Parpiyev, viloyat Prokurori Bahtiyor Ismoilov, sektorlar rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari, nuroniylar, yoshlar vakillari ishtirok etdi.
Hurmatli mehmonlar va nuroniy otaxonlar ishtirokida ramziy bogʻichlar qirqilib, tadbir ishtirokchilari mazkur binoda yaratilgan qulayliklar bilan yaqindan tanishdilar.
Zamon talablariga mos tarzda jihozlangan mazkur binoda mahalla “yettiligi” uchun alohida xonalar, majlislar zali, “Jamoatchilik maskani” mavjud boʻlib, “Mahalla” xayriya jamoat fondi jamgʻarmasi tomonidan mebel va kompyuter jihozlari bilan taʼminlandi.
Mahalla binosi Respublika byudjeti hisobidan 900 mln soʻm mablagʻ evaziga “Qoʻqon binokor” MCHJ tomonidan qurib bitkazildi.
Mahalla binosiga tutush hududda “Mahalla bogʻi” tashkil etilib, 500 tup manzarali daraxtlar, 600 tup gul koʻchatlari ekildi. Atrof obodonlashtirilib, oʻrindiqlar, sayr yoʻlaklari tashkil etildi. Bundan tashqari yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida futbol maydoni taʼmirlanib, “Workout” maydoni qurib bitkazildi.