Shou-biznes Travmatologiya markazida tizza bo‘g‘imini unikondulyar endoprotezlash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi

Travmatologiya markazida tizza bo‘g‘imini unikondulyar endoprotezlash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi

Shu yil yakuniga qadar Toshkentda O‘zbekiston — Xitoy xalqaro tibbiyot forumi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Ushbu tadbirda ikki davlat o‘rtasida sog‘liqni saqlash, tibbiy ta’lim, farmatsevtika, IT, xalq tabobati kabi qator yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni yanada kengaytirish, o‘zaro tajriba almashish va sohaga daxldor qo‘shma korxonalar tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.

Ana shu forum oldidan Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Murod Irismetov boshchiligidagi bir guruh mutaxassislar Xitoyning Syamen shahridagi “Double Medical” institutida tizza bo‘g‘imini unikondulyar endoprotezlash bo‘yicha tashkil etilgan maxsus kurslarda ishtirok etib qaytdi.

Vakillarimiz dastlab Syamenda joylashgan uchinchi “Zangzhou Hospital” klinikasida bo‘lib, 2 ta unikondulyar va 4 ta tizza bo‘g‘imini total endoprotezlash operatsiyalarida qatnashdi.

So‘ng o‘zbek mutaxassislari “Double Medical” institutining endoprotezlar ishlab chiqarish zavodi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Institutda tizza bo‘g‘imi artrosplastikasi bo‘yicha tashkil etilgan kadaver kurslari ham qiziqarli amaliy mashg‘ulotlar bilan boshlandi. Bu yerda har bir mutaxassis uchun ajratilgan anatomik preparatlarda mustaqil ravishda operatsiyalar bajarildi.

Syamen universitetining Chjunshan filiali faoliyati bilan tanishuv o‘quv yurti mutaxassislari ishtirokidagi seminarlar hamda innovatsion jarrohlik amaliyotlariga ulanib ketdi.

O‘zbek travmatolog va ortopedlarida katta taassurot qoldirgan ilg‘or muolaja usullaridan biri “Double Medical”da robot texnikasi yordamida tizza bo‘g‘imi artrosplastikasi amaliyoti bo‘ldi.

Institut bosh direktori bilan o‘tkazilgan muloqotda mamlakatimizda bu sohada erishilayotgan yutuqlar hamda sog‘liqni saqlash tizimini transformatsiya qilish borasidagi islohotlar haqida keng ma’lumot berildi.

Yakunda Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bilan “Double Medical” instituti o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi.

Unga ko‘ra, yaqin kelajakda, avvalo, markazning o‘zi, keyinchalik uning hududiy filiallarida tizza bo‘g‘imining jarohatdan keyingi asoratlari va kasalliklarida unikondulyar endoprotezlash operatsiyalarini yo‘lga qo‘yishga kelishildi.

Shuningdek, xitoylik mutaxassislar ishtirokida mahorat darslarini tashkil etish va markaz mutaxassislarini “Double Medical” institutiga o‘qishga yuborish orqali malakasini oshirish, onlayn o‘qishlar va konsultatsiyalar tashkil etish belgilandi.

Bundan tashqari, yirik bo‘g‘imlarni endoprotezlashda robot texnologiyasini joriy etish tajribasi mamlakatimizda tatbiq etilishi rejalashtirilmoqda.