O’zbekiston Qoraqalpog‘iston Respublikasining sayyohlik salohiyati Londonda taqdim etildi

Qoraqalpog‘iston Respublikasining sayyohlik salohiyati Londonda taqdim etildi

Mamlakatimiz elchixonasida O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi turizm brendi elchisi Sofi Ibbotson bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Unda Oksford universiteti tadqiqotchilari, turistik va avia kompaniyalar, ijtimoiy-madaniy doira vakillari ishtirok etdi.

Ishtirokchilarga Qoraqalpog‘iston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va turizm salohiyati, qoraqalpoq xalqining boy tarixi va madaniyati, Jampiq qalʼa, Topraq qalʼa, Qo‘yi-Amudaryo biosfera rezervati, Sulton Uvays ziyorat majmuasi kabi bir qator turistik obyektlar, hamda Orolbo‘yi mintaqasida ijtimoiy va ekologik barqarorlikni taʼminlash bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar xususida so‘zlab berildi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Qoraqalpog‘iston vakillari (onlayn shaklda) mintaqaning diqqatga sazovor joylari, Orol dengizi bo‘yidagi sayyohlik infratuzilmalari, ushbu sohasidagi imkoniyatlar va istiqboldagi loyihalar bo‘yicha batafsil taqdimot o‘tkazdilar.

O‘z navbatida, Britaniya tomoni Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar xalqaro darajada qo‘llab-quvvatlanib, 2021 yilda BMT Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb eʼlon qilish haqidagi rezolyutsiya qabul qilingani taʼkidlashdi. Shuningdek, O‘zbekistonning yangi qabul qilingan Konstitutsiyasida ekologik masalalar o‘z aksini topgani mamnuniyat bilan qayd etildi.