Shou-biznes Furqatliklar tomonidan yana bir marra zabt etildi-foto

Furqatliklar tomonidan yana bir marra zabt etildi-foto

Furqat tumani paxtakorlari joriy yilgi belgilangan paxta topshirish (sotish) rejasini 19 400 tonnadan ortiq xirmon toʻplab, viloyatda birinchilar qatorida ortigʻi bilan bajarishga erishdilar. Furqatlik  dehqonlar gektaridan 38 sentnerdan hosil yigʻib barakali xirmon yaratdilar, uning aksariyat qismi yuqori navlarga sotildi.

Tumandagi 201 nafar fermer xoʻjaligi tomonidan  5200 gektar maydonda gʻoʻzaning “S 82-90”, “S 67-75”, “Sulton”, “Andijon-35” navlari yetishtirildi.

Joriy yilda suvning kam boʻlishiga qaramasdan mavjud suvdan unumli foydalanib, gʻoʻzalar oʻz vaqtida agrotexnik qoidalar asosida parvarishlandi. Natijada paxtadan moʻl hosil olishga erishildi. Bugungi kunga 186 ta fermer xoʻjaliklari shartnomaviy rejani bajarib, tuman xirmonining yuksalishiga oʻz hissalarini qoʻshdilar. “Oybek Temirov”,  “Kamoljon Usmonov”, “Xayitboy ota”, “Qushchi”, “Qolgandaryo chorvasi” kabi koʻplab fermer xoʻjaliklarida hosildorlik gektaridan 45-50 sentnerni tashkil etdi.

Terimga fermer xoʻjaligi aʼzolari va 10 700 nafardan ortiq ish bilan band boʻlmagan uyushmagan aholi ixtiyoriy jalb etildi.

Terimchilar kayfiyatini koʻtarish maqsadida tuman madaniyat boʻlimi sanʼatkorlari tomonidan paxta dalalarida konsert dasturlari tashkillandi. Ilgʻor terimchilar tuman xokimligi, soha masʼullari tomonidan sovgʻalar bilan taqdirlab borildi. Bundan tashqari terimchilar oʻrtasida “eng ilgʻor terimchi” musobaqalari ham tashkillanib, gʻoliblar qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandilar.

Hali dalalarda paxta moʻl. Tuman paxtakorlari terim surʼatini susaytirmay, hosildorlikni yanada oshirishga bel bogʻlaganlar.