Joriy yil 13-16 iyun kunlari O‘zbekiston Transport vazirining o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Latviya va Litvada bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif davomida Latviya va Litvaning aloqa, transport va kommunikatsiyalar vazirlari o‘rinbosarlari Uldis Reymanis va Yulius Skachkauskas, Latviyaning eng yirik port shaharlaridan biri – Liyepaya shahri meri Gunars Ansinsh, airBaltic vitse-prezidenti Sventlana Abashkina, Riga xalqaro aeroporti rahbariyati, Latviya va Litvaning yirik multimodal terminallari sohiblari bilan muzokaralar o‘tkazildi.
Mamlakatimiz eksport mahsulotlarini Skandinaviya va G‘arbiy Yevropaning katta bozorlariga olib chiqishda Ventspils, Liyepaya (Latviya), Klaypeda (Litva) shaharlarining bandargohlari imkoniyatlaridan foydalanishni muhokama qilish maqsadida mazkur bandargohlar bilan tanishildi.
Delegatsiya, shuningdek, O‘zbekiston – Latviya transport ishchi guruhlari, YUSAIDning Markaziy Osiyoda savdo dasturi tomonidan tashkil qilingan Markaziy Osiyo davlatlari transport tarmog‘ining Latviya ( 12-13 iyun) va Litvadagi (15-16 iyun) biznes missiyasi, TRASEKA hukumatlararo komissiyasi ishlarida, Rigada bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo va Latviya o‘rtasidagi savdoning yangi imkoniyatlari” biznes forumida ishtirok etdi.
Tashrif va bo‘lib o‘tgan muzokaralar ruxsatnomalar almashuvi tartibini osonlashtirishni takomillashtirish, Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida intermodal va multimodal transchegaraviy va tranzit transporti xizmatlarini rivojlantirish, Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida yetkazib berish zanjirlari salohiyatini kengaytirish, Yevropa Ittifoqi Boltiq dengizining multimodal yo‘lagi orqali Markaziy Osiyo mamlakatlariga, O‘zbekiston eksportini transport va logistika bilan taʼminlashni yaxshilash, O‘zbekiston va Latviya o‘rtasida havo yuklarining intensivligi va hajmini oshirish, davlatimiz rahbarining “Samarqand – Yangi O‘zbekistonning sayyohlik darvozasi” tashabbusi doirasida o‘sib borayotgan sayyohlik oqimiga xizmat ko‘rsatish uchun Yevropa yo‘nalishidagi yuklarni to‘g‘ri ro‘yxatga olish, yangi yo‘nalishlar bo‘yicha (Samarqand-Riga-Samarqand, Samarqand-Vilnyus-Samarqand) havo qatnovlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha O‘zbekistonning tegishli idoralarining malakasini oshirish, shu jumladan, O‘zbekistondagi yangi sanoat ishtirokchilarining salohiyatidan foydalanish, joriy yil noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Translogistika Uzbekistan – 2023 ishida yuqori darajada ishtirok etish bo‘yicha amaliy kelishuvlarga erishish imkonini berdi.
Tashrif va o‘tkazilgan tadbirlar yakunlari bo‘yicha “Latviya Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida transport ishchi guruhlarining transport va logistika sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi Qo‘shma kommyunike” hamda Transport bo‘yicha O‘zbekiston-Latviya ishchi guruhi yig‘ilishining bayonnomasi imzolandi.
Xususan, Latviya tomoni O‘zbekiston Prezidentining mamlakatimizning Rigadagi elchixonasida yangi lavozim – transport masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimini joriy etish to‘g‘risidagi qarorini yuqori baholadi.
Qayd etish joizki, 2022-yilda O‘zbekistondan Yevropa yo‘nalishi orqali tashilgan yuklar hajmi 1,2 million tonnani tashkil qildi. Bu 2021-yilga nisbatan 15 foizga ko‘pdir. 2023-yilda ushbu yo‘nalishda yuk tashish hajmi 20 foizga oshishi kutilmoqda, bu esa O‘zbekistonning Yevropaning barcha davlatlari bilan tashqi savdo hamkorligini yana-da rivojlantirishga talabning mavjud ekanligidan dalolat beradi.
Transport vazirlarining o‘rinbosarlari darajasida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Latviya va O‘zbekiston-Litva muzokaralari chog‘ida davlatlarimiz transport idoralari o‘rtasidagi aloqalarning jadvali, kun tartibi va darajasi yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi.