O’zbekiston Senatda Koreya Respublikasi bandlik va mehnat vaziri boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib...

Senatda Koreya Respublikasi bandlik va mehnat vaziri boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 24-iyul kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Koreya Respublikasi bandlik va mehnat vaziri Li Jung Sik boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi do‘stlik va alohida strategik sheriklik munosabatlarini yana-da mustahkamlash, keng ko‘lamli hamkorlikni, xususan, mehnat munosabatlari sohasidagi aloqalarni yana-da kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda parlamentlararo muloqotning o‘rni muhimligiga eʼtibor qaratildi. Shu maʼnoda Oliy Majlis Senati Raisi rahbarligidagi Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan mamlakatlarimiz o‘rtasida oliy darajada erishilgan kelishuvlar, “yo‘l xaritalari”ning bajarilishi ustidan parlament nazoratini taʼminlashga qaratilgan hamkorlik bo‘yicha maxsus komissiya faoliyati samaradorligi alohida qayd etildi.

Koreya tomonining joriy yilning sentyabr oyiga mo‘ljallangan yangi formatdagi “Markaziy Osiyo + Koreya Respublikasi” parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha sammiti ko‘p qirrali munosabatlarni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochishi taʼkidlandi.

Muloqot chog‘ida davlatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalarda mehnat munosabatlari bilan bog‘liq yo‘nalish muhim ahamiyat kasb etishi, bu boradagi loyihalarni hayotga tatbiq etishning huquqiy asoslarini birgalikda ishlab chiqish, o‘zaro takliflar bildirish, muzokaralar va uchrashuvlar o‘tkazishni faollashtirish masalalarini hal etish va yo‘nalishlarni belgilab olish muhimligi aytib o‘tildi.

Shuningdek, BMTning “Ish o‘rinlarini yaratish va ijtimoiy himoyani kuchaytirish bo‘yicha global tezlatkich” tashabbusi doirasida hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish yuzasidan ham takliflar ilgari surildi.

O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasining tegishli vazirliklari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumning imzolanishi ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishi taʼkidlandi.

Memorandumni amalga oshirish doirasida mehnatni muhofaza qilish, gender tenglik, shuningdek, “Better work” dasturini amalga oshirish masalalarini hal etishda o‘zaro hamkorlikni aks ettiruvchi Qo‘shma harakatlar rejasini ishlab chiqish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.