Prezidentimiz tashabbusi bilan ijtimoiy imtiyozga ega bo‘lmagan 3,5 ming nafar bemorni yuqori texnologik operatsiyalar yordamida sog‘lomlashtirish ishlari davom ettirilmoqda.
Ushbu jarrohlik amaliyotlari uchun ajratilgan 86 mlrd. so‘m mablag‘ning 64 mlrd. so‘mi 2 ming nafar bola va 22 mlrd. so‘mi 1,5 ming nafar katta yoshli fuqarolar operatsiyasi uchun sarflanyapti.
Aksiya doirasida akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Bolalar milliy tibbiyot markazi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi, Samarqand, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlari bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari hamda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Urganch filialida murakkab amaliyotlar davom etmoqda.
Rejadagi operatsiyalarning 780 tasi hududning o‘zida, 1220 tasi Toshkentda amalga oshirilmoqda.
Shu yilning yanvar-may oylarida 925 nafar bola shifoxonalarga yotqizilib, ulardan 623 nafarida operatsiyalar muvaffaqiyatli o‘tkazildi.