O’zbekiston Turkiyaning Alaniya shahrida O‘zbekiston ijtimoiy -siyosiy hayotida ro‘y bergan muhim voqeliklarga bag‘ishlangan...

Turkiyaning Alaniya shahrida O‘zbekiston ijtimoiy -siyosiy hayotida ro‘y bergan muhim voqeliklarga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi

O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi tomonidan Alaniya shahrida 2 iyul – O‘zbekiston Davlat gerbi qabul qilingan kun va Prezident sayloviga bag‘ishlangan madaniy-maʼrifiy tadbir o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur shaharda yashayotgan va vaqtincha bo‘lib turgan vatandoshlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan tadbirda mamlakatimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar haqida so‘zlab berildi. Jumladan, chet elda turli sabablar bilan bo‘lib turgan yurtdoshlarimiz bilan aloqalarni mustahkamlash, ularning haq-huquqlarini munosib himoya qilish bo‘yicha qabul qilingan qarorlarning mazmun-mohiyati taʼkidlandi.

Shuningdek, 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan muddatidan ilgari O‘zbekiston Prezidenti saylovi, unda kurashayotgan nomzodlar va ularning dasturlari haqida maʼlumot berildi.

Uchrashuv davomida, 2 iyul – O‘zbekiston Davlat gerbi to‘g‘risidagi qonun qabul qilinganining 31 yilligi nishonlangani qayd etildi. Davlat gerbining mazmun-mohiyati, uning ahamiyati haqida batafsil maʼlumot berildi. Davlat gerbi – mamlakatimiz suverenitetining ramzi hisoblanishi, unda mustaqil O‘zbekiston va xalqimizning milliy anʼanalari mujassamlashgani qayd etildi.