“Ma’muriy islohotlar doirasida sog‘liqni saqlash sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi Prezident qarori (PQ–197-son, 20.06.2023 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inida tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatishning quyidagilarni nazarda tutuvchi takomillashtirilgan tizimi joriy etiladi:
tuman (shahar) darajasida ambulator va statsionar sharoitda aholining eng ko‘p murojaatlariga sabab bo‘layotgan kasalliklar va holatlarni inobatga olgan holda, Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari ro‘yxati shakllantiriladi;
birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari shifokorlari tegishli hududda eng ko‘p tarqalgan kasalliklar va holatlar bo‘yicha qisqa muddatli kurslarda o‘qitiladi.
2024-yildan yillik tibbiy ko‘riklar doirasida nuroniylarni maqsadli skriningdan o‘tkazish dasturlari joriy etiladi.
2023/2024 o‘quv yilidan quyidagilar tashkil etiladi:
- Chilonzor Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumi negizida Hamshiralar akademiyasi;
- tibbiyot kollejlari negizida Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari;
Shuningdek, quyidagilar joriy etiladi:
- tibbiyot OTMda o‘qish muddati 4 yillik “oliy malakali hamshira” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash;
- texnikumlarning takliflari asosida qabul parametrlari hamda qo‘shimcha ravishda tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish tartibi;
- tibbiyot yo‘nalishidagi davlat OTM talabalarining bilimlarini 2 bosqichli (fundamental va klinik-amaliy ko‘nikmalar) baholash va ularning malakasini tasdiqlash milliy tizimi;
- tibbiyot xodimlarining malakasini oshirishga qaratilgan uzluksiz kasbiy ta’lim portali.
- Davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlariga malaka oshirish kurslarini joriy etish huquqi beriladi.
- Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish, ularning malakasini oshirish jarayonlari to‘liq raqamlashtiriladi.
2023 yil yakunigacha:
- barcha nodavlat tibbiyot tashkilotlari Sog‘liqni saqlash vazirligining maxsus axborot tizimiga ulanadi;
- nodavlat tibbiyot tashkilotining xodimlari, tibbiy texnikasi, xizmat turlari, tibbiy statistika va boshqa hisobotlari monitoringi yuritiladi;
- tibbiy faoliyatni nazorat qilishda “xavfni tahlil qilish” tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, quyidagilar tashkil etiladi:
- Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi;
- Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi;
- Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazi.