O’zbekiston Farg‘onada “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik” shiori ostida yoshlar sayli bo‘lib o‘tdi

Farg‘onada “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik” shiori ostida yoshlar sayli bo‘lib o‘tdi

Kecha, 24-iyun kuni Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrining O‘rda maydonida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik” shiori ostida yoshlar sayli bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat sektorlari rahbarlari ishtirok etdi.

Yoshlar sayli ochilishida so‘z olgan Xayrullo Bozorov, Farg‘ona yoshlarini yaqinlashib kelayotgan bayram bilan tabriklab, mamlakatimizda ular uchun yaratilayotgan ulkan imkoniyatlar haqida to‘xtaldi. Davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan bugungi davlat siyosati zamirida yoshlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik mujassam ekaniga e’tibor qaratgan viloyat hokimi, farg‘onalik yoshlar ham bu yuksak ishonch va imkoniyatlarga munosib bo‘lib, kelajakda xalqimiz, Vatanimiz manfaatlari hamda uning baxt-saodati yo‘lida bor kuch-g‘ayratlari, bilim va salohiyatlarini safarbar etishlariga tilak bildirdi.

Viloyatning barcha shahar va tumanlaridan kelgan, har jabhada ilg‘or, o‘z tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan yoshlarga viloyat hokimining tashakkurnomalari va sovg‘alar topshirildi.

Estradamiz yulduzlari Rayhon, Shohruhxon, “Bojalar” guruhi, viloyatimizning taniqli san’atkorlari ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar tadbir ishtirokchilariga unutilmas taassurotlar ulashdi.