O’zbekiston Farg‘onada “Xon atlas” festivali o‘tkazildi (foto)

Farg‘onada “Xon atlas” festivali o‘tkazildi (foto)

Bugun Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahridagi Hunarmandlar markazida viloyat hokimligi hamda Milliy gvardiya viloyat bo‘yicha boshqarmasi tashabbusi bilan “Xon atlas” festivali o‘tkazildi. Bu haqda viloyat matbuot xizmati xabar berdi.

Festivaldan ko‘zlangan asosiy maqsad milliy liboslarimizda xalqimizning asrlarga tutash bo‘lgan o‘tmishi, urf-odati va an’analari, didi, estetik qarashlari, o‘ziga xos xususiyatlari mujassamligini namoyish etishdan iborat bo‘ldi. Zotan, Xon atlas – eng yorqin ranglar tabiat jilosi, gullar tasvirini o‘zida mujassam etgan o‘zbek milliy matosi hisoblanadi. Mazkur matoni qadimda faqat xonlar kiygani uchun ham xon atlas nomi bilan atalgan.

Viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi, viloyat Madaniyat boshqarmasi va Marg‘ilon shahar hokimligi hamkorligida o‘tkazilgan festivalni Milliy gvardiya markaziy devoni xotin-qizlar va jamoatchilik kengashi a’zosi, polkovnik Dilorom Xudoyberganova ochib berdi.

Chinakam go‘zallik va milliy kolorit uyg‘unlashgan ko‘rgazmada dizaynerlar tomonidan tikilgan va ularning ijod mahsullaridan iborat bo‘lgan turli xil kiyimlar barchaning e’tiborini tortdi.

Tadbir yakunida tashkilotchilarga minnatdorlik ramzi sifatida tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.