O’zbekiston O‘zbekiston diplomatlari Germaniyadagi Buxoro yahudiylari jamiyati rahbariyati bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar

O‘zbekiston diplomatlari Germaniyadagi Buxoro yahudiylari jamiyati rahbariyati bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar

O‘zbekistonning Bosh konsulligi diplomatlari Dyusseldorf shahrida Germaniyadagi Buxoro yahudiylari jamiyati boshqaruvi aʼzosi Eduard Xalmatov bilan uchrashuv o‘tkazdilar, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Unda vatandoshlar bilan aloqalarni yana-da kengaytirish, Germaniyadagi jamoat birlashmalari, shuningdek, madaniy-gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish uchun samarali platforma yaratish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, turizm sohasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari, o‘zaro manfaatli sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish, va mahalliy mahsulotlarni Germaniyaga eksport qilish geografiyasini kengaytirish xususida fikr almashildi.

Tomonlar Dyusseldorf shahrida O‘zbekiston savdo uyini ochish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar. Bundan tashqari, Germaniyadagi Buxoro yahudiylari jamiyati aʼzolarining O‘zbekistonning tarixiy shaharlariga sayohatlarini tashkil etishga eʼtibor qaratildi.

«Gemaniyadagi Buxoro yahudiylari jamiyati vakillarining O‘zbekistonga, xususan, Buxoro shahriga borishga qiziqishi juda yuqori, bu yerda 400 yildan oshgan Markaziy Osiyodagi eng qadimiy ibodatxona hozirgacha saqlanib qolgan, – dedi Eduard Xalmatov. – Shuningdek, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, mamlakatimizning xalqaro nufuzini yana-da mustahkamlash uchun vatandoshlar, nemis ishbilarmon doira vakillari salohiyatini jalb etishga tayyormiz».

Buxoro yahudiylari jamiyati boshqaruvi aʼzosining aytishicha, joriy yilning 27-avgust kuni Dyusseldorf shahrida Buxoro yahudiylarning Germaniyada yashayotganining 30 yilligi munosabati bilan bayram tadbirlari tashkil etiladi. Germaniya siyosiy, ishbilarmon va jamoat doiralari vakillari ishtirok etadigan ushbu tadbir doirasida O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyati hamda bugungi taraqqiyotiga bag‘ishlangan maxsus burchak tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.