O’zbekiston Dehlida O‘zbekiston va Hindiston tahlil markazlari o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Dehlida O‘zbekiston va Hindiston tahlil markazlari o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

O‘zbekiston elchisi Dilshod Ahatov Hindistonning “NatStrat” tadqiqot markazi rahbari Pankaj Saran bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, turli soha vakillari, jumladan, akademik va tahlil doiralari o‘rtasidagi aloqalarni yana-da rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi o‘rtasidagi do‘stona va samimiy munosabat ikki tomonlama hamkorlikni yangi, yana-da yuksak darajaga olib chiqqani alohida qayd etildi.

Dilshod Ahatov mamlakatimizda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohot natijalari, yangilangan Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati va ahamiyati, muddatidan ilgari Prezident sayloviga ko‘rilayotgan tayyorgarlik jarayoni va boshqa dolzarb masalalar yuzasidan batafsil maʼlumot taqdim qildi.

Pankaj Saran so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida barcha sohalarda keng qamrovli hamkorlik jadal rivojlanib borayotganiga eʼtibor qaratib, ikki mamlakat o‘zaro va ko‘p tomonlama munosabatlarda bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelayotganini, xalqlar farovonligi va davlatlar ravnaqi yo‘lida mushtarak maqsadlarga ega ekanini taʼkidladi.

Ekspert o‘zaro hamkorlik masalalarida hali kashf etilishi va imkoniyatlaridan kengroq foydalanilishi kerak bo‘lgan ko‘plab sohalar mavjudligini qayd etdi. Bu borada har ikki tomon masʼul idoralari doimo izlanishda bo‘lib, muntazam ravishda maʼlumot almashib turishi samarali natija berishiga ishonch bildirildi. Jumladan, akademik doiralar va tahlil markazlari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi darajaga ko‘tarish zarurligi qayd etildi.

Tadbirda “NatStrat” va mamlakatimizning yetakchi tadqiqot markazlari, xususan, O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish masalasi muhokama qilindi.

2023-yilda tashkil etilgan “NatStrat” mustaqil notijorat tadqiqot markazi o‘z faoliyatida asosiy eʼtiborni geosiyosat, milliy xavfsizlik, texnologiyalar va iqtisodiyot yo‘nalishlariga qaratgan holda, Hindiston tashqi siyosatiga taʼsir etuvchi global masalalarni o‘rganish bilan shug‘ullanadi.

Dehlida O‘zbekiston va Hindiston tahlil markazlari o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Elchi Dilshod Ahatov Hindistonning “NatStrat” tadqiqot markazi rahbari Pankaj Saran bilan uchrashuv o‘tkazdi.