O’zbekiston O‘zbekiston va Malayziya sog‘liqni saqlash sohasidagi o‘zaro hamkorlikni yana-da rivojlantirish istiqbollarini muhokama...

O‘zbekiston va Malayziya sog‘liqni saqlash sohasidagi o‘zaro hamkorlikni yana-da rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilmoqda

O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Malayziya sog‘liqni saqlash vaziri Zaliha Mustafa bilan Kuala-Lumpurda uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralar jaroyonida hamkorlikning istiqbollari, jumladan sog‘liqni saqlash sohasida ilg‘or tajriba almashish, respublika mutaxassislarining Malayziyada malakasini oshirish, o‘zaro metodologik ko‘mak ko‘rsatish masalalari muhokama qilindi.

Suhbat davomida Malayziya tomoniga Yangi O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, sohaga taalluqli milliy qonunchilikni takomillashtirish, jahon standartlari asosida tibbiyot sohasida zamonaviy boshqaruv amaliyotini joriy etish, aholi salomatligini taʼminlash, tibbiy turizmni rivojlantirish, tibbiy kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar hakida batafsil maʼlumot berildi.

Malayziya sog‘liqni saqlash vaziri respublikada kechayotgan islohotlarni yuqori baholab, aholini umumiy tibbiy qamrab olishning milliy modelini joriy etish, yangi tibbiyot muassasalarini barpo etish yo‘nalishidagi dadil qadamlar aholining turmush darajasini yuksaltirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Zaliha Mustafa hamkorlik aloqalarini turli yo‘nalishlarda jadallashtirish va buning uchun huquqiy bazani rivojlantirishga tayyorligini taʼkidladi. U, shuningdek, joriy yilning mart oyida Kuala-Lumpurda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Malayziya milliy yurak instituti o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolanganini ijobiy baholab, uni amaliy loyihalar bilan boyitish kerkligini maʼlum qildi.

«Ikki mamlakatning yetakchi tibbiyot muassasalari o‘rtasidagi mazkur muvaffaqiyatli hamkorlik misolida boshqa ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va o‘quv muassasalarining qo‘shma taʼlim, malaka oshirish va tadqiqot dasturlarini yo‘lga qo‘yish vaqti keldi», dedi u.

Respublikada xususiy tibbiyotni rivojlantirishga qaratilgan yangi hujjatlar qabul qilinib, xususiy sektor uchun barcha zarur imkoniyatlar yaratilayotgani oqibatida xorijiy investitsiyalar uchun mazkur soha yana-da jozibador bo‘lishi qayd etildi. Natijada keyingi 6 yilda mamlakatimizda xususiy klinikalar soni 2,5 barobarga – 3 mingdan 8 mingtaga ko‘paygani yaxshi ko‘rsatkichligiga eʼtibor qaratildi.

Ushbu yo‘nalishda Malayziyaning “Sunway”, “UCSI”, “MSU” kabi yetakchi xususiy ko‘p tarmoqli klinikalari va respublika muassasalari o‘rtasida hamkorlik aloqalari o‘rnatilgani aloqalarni jadallashtirishga katta turtki bo‘lib xizmat qilishi taʼkidlandi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Malayziya Sog‘liqni saqlash vazirliklari, yetakchi ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va o‘quv muassasalari o‘rtasida hamkorlikni jadallashtirish, respublika mutaxassislarining malakasini oshirish va zamonaviy davolash metodikalari bo‘yicha ilg‘or tajriba almashish, qo‘shma tadqiqotlar amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Xususan, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi shifokorlarini avgust oyida Kuala-Lumpurga stajirovkaga yuborish hamda oktyabr oyida Toshkent shahridagi Xalqaro kardiologlar ilmiy-amaliy konferensiyasida Malayziya yurak instituti vakillarining ishtirok etishi rejalashtirildi.

Bundan tashqari, Malayziyaning yetakchi tibbiyot muassasalari va farmatsevtika kompaniyalarini jalb etgan holda O‘zbekistonda qo‘shma klinika ochish va farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganishga kelishib olindi.