O’zbekiston Toshkentda attraksiondan yiqilib tushganlar haqida vazirlik ma’lumot berdi

Toshkentda attraksiondan yiqilib tushganlar haqida vazirlik ma’lumot berdi

Shu yil 12-iyun kuni tungi soat taxminan 22:10 larda poytaxtimizning “Anhor  Lokomotiv” ko‘ngilochar bog‘ida ikki fuqaro attraksionda uchish chog‘ida xavfsizlik kamarlarini taqmaganligi sababli yiqilib tushgani haqida xabarlar tarqaldi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi «Melnitsa» nomli qurilmadan yiqilgan 24 yoshli B.E. va 30 yoshli T.M. ning ahvoli haqida quyidagilarni ma’lum qiladi.

Baxtsiz hodisadan so‘ng “Tez yordam” brigadasi kelgunga qadar Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishgan. Tez tibbiy yordam yetib kelgach, jarohat olgan fuqarolar Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib ketilgan.

Muassasada bemorlar zudlik bilan shok zaliga olinib, shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

7-8 metr balandlikdan tushib ketish oqibatida jarohat olgan 1999-yilda tug‘ilgan bemor B.E.ga “Katatravma. Qo‘shma shikastlanishlar. Bosh miya yopiq jarohati. O‘rta darajadagi miya shikastlanishi. Bosh miya peshana qismi kontuzion o‘choq. Chap yelka suyagi katta bo‘rtmachasining yopiq sinishi. Chap tos suyagi boshchasining yopiq chiqishi. Chap yelka bo‘g‘imi distorsiyasi. Chap yuqori qovoq, chap qo‘ltiq sohasi, chap periorbital sohasi yumshoq to‘qimalari,chap yelka sohasi, chap ko‘krak sohasi yumshoq to‘qimalar shikastlanishi, teri osti qon quyilishi” tashxisi qo‘yilib, tegishli davo molajalari tayinlangan.

1993-yilda tug‘ilgan bemor T.M.ga esa “Katatravma. Umurtqa yopiq shikastlanishi. Dural qopchasi ezilmagan, orqa miya funksiyasi buzilmagan holda umurtqa pog‘onasi suyaklari VL1-VL2 tanachalarining I darajali kompression sinishi. Umurtqaning bel qismi distorsiyasi. Bel sohasi yumshoq to‘qimalarining shikastlanishi” tashxisi qo‘yilgan.

Bemorlar ayni paytda neyroxirurgiya bo‘limiga yotqizilgan bo‘lib, ahvoli o‘rta og‘ir darajada. Nafas olish va gemodinamik ko‘rsatkichlari barqaror. Ular shifoxonada belgilangan davo standartlari asosida davolanmoqda.