Sud-huquq Joriy yilning 31-yanvar kuni Yangihayot tumanida 12 yoshli qizning o‘limi bilan bog‘liq...

Joriy yilning 31-yanvar kuni Yangihayot tumanida 12 yoshli qizning o‘limi bilan bog‘liq jinoyat ishi yzasidan aybdorga hukm e’lon qilindi

Kecha, 2023-yil 26-may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudida sudlanuvchi A. T. (1993-yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan) ga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni tugab, sud hukmi e’lon qilindi.

Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudining raisi A. Jalilov raisligida Jinoyat-prosessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi) talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘rib chiqildi.

E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra A. T. Jinoyat kodeksining 226-moddasi (ma’muriy nazorat qoidalarini buzish) 1-qismi, 137-moddasi (odam o‘g‘rilash) 3-qismi “b” bandi, 118-moddasi (nomusga tegish) 4-qismi, 119-moddasi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) 4-qismi, 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi “v” bandi va 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “v”, “j”, “z”, “o” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) 4-qismi tartibida uzil-kesil umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shuningdek, Jinoyat kodeksining 34-moddasi (residiv jinoyat) 3-qismi “b” bandiga asosan A. T. o‘ta xavfli residivist deb topilib, unga tayinlangan jazo maxsus tartibli koloniyada o‘tattirilish belgilandi.

Bundan tashqari, Jinoyat kodeksining 96-moddasi (jazo bilan birga tayinlanadigan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash) ga muvofiq A. T. ga jazoni o‘tash joylarida alkogolizm hamda murakkab politoksikomaniyaga qarshi davolash choralari qo‘llanilish belgilandi.