Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim foydalanuvchilar savdo do‘konlari binosida faoliyat yuritgan universitetlar haqidagi xabarlar yolg‘on degan mazmunda chiqishlar qilmoqda. Aslida faktlar umuman boshqa holatni ko‘rsatyapti.
Masalan, “Digital university” xususiy oliy ta’lim tashkiloti dastlab lisenziyada faoliyat manzili sifatida ko‘rsatilgan manzilda emas, balki boshqa manzilda, ya’ni Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Oqqo‘rg‘on ko‘chasida 1-qavatida savdo do‘konlari bo‘lgan binoning 2-3-qavatlarida faoliyat yuritgan. Bu orqali lisenziya talablari va shartlarini buzgan.
Yana bir holatda Farg‘ona viloyatida tashkil etilgan “Valley innovative university” ham lisenziyada ko‘rsatilmagan Farg‘ona shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazining o‘quv binosida faoliyat yuritgani aniqlangan.
Yuqoridagi kabi holatlar tegishli idoralar tomonidan o‘rganilib, xususiy oliy ta’lim tashkilotlarining aksariyatida dars jarayoni bilan bog‘liq kamchiliklar bartaraf etilgan.
Shuningdek, 2023-2024 yillarda 5 ta nodavlat oliy ta’lim tashkilotining lisenziyasi bekor qilingan.
Sababi, savdo do‘konlarining ustki qavatida yoki Monomarkaz singari ta’lim uchun mo‘ljallanmagan binolarda talabalar uchun to‘laqonli ta’lim muhiti yaratish imkoni yo‘q.
Ta’lim muassasi “2-3 ta tashkilot bir binoda” prinsipida faoliyat ko‘rsatsa, binoga kim kelib-ketayapti, xavfsizlik qanday ta’minlanyapti, ta’lim muhiti qay darajada, degan savollar tug‘ilishi tabiiy.
Shu sababli Hukumat tomonidan xususiy ta’lim tashkilotlariga qat’iy talablar belgilangani ayni vaqtida qabul qilingan qaror bo‘ldi. Chunki bu kabi holatlar xususiy oliy ta’limga nisbatan jamoatchilik ishonchini pasaytirishi mumkin.