Ilhom Aliyev Oʻzbekiston terma jamoasining Jahon chempionatiga chiqishini tarixiy yutuq, deya eʼtirof etdi

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Oʻzbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevni futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasining 2026-yilgi Jahon chempionati final bosqichiga yoʻl olgani bilan tabrikladi

“Bugun uchrashuvimizni boshlarkanman, avvalo, muhtaram Shavkat Miromonovichni oʻz nomimdan va butun Ozarbayjon xalqi nomidan tarixiy yutuq – Oʻzbekiston terma jamoasining Jahon chempionati final bosqichiga chiqqani bilan tabrikladim. Bu muvaffaqiyat tasodifiy emasligini taʼkidladim. Bu – oʻzbek sportchilarining xalqaro maydonlardagi shonli yutuqlari, jumladan, Yozgi Olimpiya oʻyinlaridagi tarixiy gʻalabalarning mantiqiy davomi”, – degan Ilhom Aliyev.

Eslatib oʻtamiz, bundan avval Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon prezidentini mini-futbol boʻyicha Jahon chempionatida erishilgan gʻalaba bilan tabriklagan edi.