O’zbekiston O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi xodimlari yagona darcha tizimi bo‘yicha Malayziya tajribasini o‘rganmoqda

O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi xodimlari yagona darcha tizimi bo‘yicha Malayziya tajribasini o‘rganmoqda

Mamlakatimizning Kuala-Lumpurdagi elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi vakillarining Malayziyaga amaliy safari tashkil etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Joriy yilning 14-18 avgust kunlari bo‘lib o‘tadigan safar davomida O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi xodimlari Jahon bojxona tashkilotining Global savdoga ko‘maklashish dasturi (Global Trade Facilitation Programme) doirasida Malayziya Bojxona departamenti (Royal Malaysian Customs Department –RMCD)ning yagona darcha tizimi bo‘yicha ilg‘or tajribasini o‘rganadilar.

O‘quv seminarlari Yagona darcha tizimining boshqa tizimlar bilan integratsiyalashuvi, xavfsizlik standartlari mavzularini o‘z ichiga oladi.

Tashrifi davomida O‘zbekiston vakillari uchun Malayziya Moliya vazirligi, Investitsiya, savdo va sanoat vazirligi vakillari tomonidan ushbu tizim bo‘yicha o‘quv seminarlarini o‘tkazish rejalashtirilgan. Shu bilan birga Malayziya bojxona departamentining Kuala-Lumpur xalqaro aeroporti va Port Dikson portidagi bo‘limlariga tashrif ko‘zda tutilgan.

O‘quv mashg‘ulotlari oldidan mamlakatimiz Bojxona qo‘mitasi vakillari va Malayziya Bojxona departamenti bosh direktori Zazuli Bin Joxan o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi.

Unda joriy yilning oktyabr oyida ikki mamlakat bojxona tashkilotlari rahbariyati o‘rtasida o‘zaro hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish bo‘yicha onlayn uchrashuv o‘tkazish va shu yilning to‘rtinchi choragida ikki mamlakata bojxona idoralari o‘rtasida Hamkorlik memorandumini imzolash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.