O’zbekiston “Eshitish zaiflashuvini tashxislash, davolash va reabilitatsiya muammolari” ilmiy laboratoriyasi tashkil etiladi

“Eshitish zaiflashuvini tashxislash, davolash va reabilitatsiya muammolari” ilmiy laboratoriyasi tashkil etiladi

Davlatimiz rahbarining “Otorinolaringologiya xizmatini takomillashtirish va uning ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra:

2023–2026 yillarda otorinolaringologiya xizmatini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanadi.

Shuningdek:

Koreya Eksimbanki Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamg‘armasi (EDCF) hisobidan 2023–2024 yillarda tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari, Toshkent shahar shifoxonalarining otorinolaringologiya bo‘limlari va tibbiyot oliy ta’lim muassasalari klinikalari, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududiy filiallarini zarur tibbiy uskunalar bilan jihozlash uchun 17 million AQSH dollari yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, 2024–2025 yillarda Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan:

Respublika ixtisoslashtirilgan otorinolaringologiya va bosh-bo‘yin kasalliklari ilmiy-amaliy tibbiyot markazida “Yuqori nafas yo‘llari a’zolari fiziologiyasi va patologiyasi”, “Eshitish va muvozanat a’zolari fiziologiyasi va patologiyasi”, “Foniatriya va ronxopatiya” ilmiy laboratoriyalarini, simulyatsion amaliy laboratoriyani, 5 ta jarrohlik blokini va 60 ta o‘rin-joylarni zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlash;

Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida “Eshitish zaiflashuvini tashxislash, davolash va reabilitatsiya muammolari” ilmiy laboratoriyasini tashkil etish;

Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasi va Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazini zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlash tadbirlarini amalga oshirish uchun 8,6 million AQSH dollarini yo‘naltirish choralari ko‘riladi.