O’zbekiston O‘zbekiston va Janubiy Koreya xalq taʼlimi sohasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirmoqda

O‘zbekiston va Janubiy Koreya xalq taʼlimi sohasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirmoqda

Buxoro viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshlig‘i Farruh Qurbonov boshchiligidagi delegatsiya Janubiy Koreyada bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Delegatsiya aʼzolari safar davomida Koreya Respublikasining Kyonsanbuk-do provinsiyasi Xalq taʼlimi boshqarmasi faoliyati bilan tanishishlari barobarida mutasaddilar bilan taʼlim sohasida hamkorlik qilish masalalari yuzasidan fikr almashilar.

Uchrashuvda Janubiy Koreya tomoniga O‘zbekistonda xalq taʼlimi tizimi sifati va samaradorligini oshirish, taʼlim va ilm-fan integratsiyasini taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqidagi atroflicha maʼlumotlar taqdim etildi.

Tomonlar pedagog kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, malakali xorijlik mutaxassislarni jalb etish, ilmiy-amaliy konferensiya va seminarlar tashkil etish bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikning istiqbollariga alohida eʼtibor qaratishdi.

Boshqarma boshlig‘i Lim Jong Sik Buxoro viloyati bilan taʼlim sohasida hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanligini maʼlum qildi.

Kyonsanbuk-do provinsiyasi Xalq taʼlimi boshqarmasi O‘zbekiston bilan turli yo‘nalishlarda faol hamkorlik qilmoqda. Jumladan, hozirgi paytda «Dunyoni anglash bo‘yicha tematik taʼlim loyihasi» birgalikda amalga oshirilmoqda, o‘tgan yil noyabr oyida esa Toshkentdagi Koreya taʼlim markazi bilan o‘zaro Anglashuv memorandumi imzolandi.

Safar doirasida delegatsiya aʼzolari Andon shahridagi Matematikani o‘rganish va targ‘ib qilish markazi, Kyonju shahridagi Ixtirolarni o‘rganish markazi, Kyonju shahridagi Koreya til o‘qitish markazi, Sondok shahridagi qizlar o‘rta maktabi, shuningdek, Kyonsanbuk-do provinsiyasidagi Xalq taʼlimi boshqarmasiga qarashli turli o‘quv markazlari va maktablar faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.