Prokuratura Bosh prokuratura delegatsiyasi Xitoyga tashrif buyurdi

Bosh prokuratura delegatsiyasi Xitoyga tashrif buyurdi

Joriy yilning 24 iyul kuni Bosh prokuror o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokurori Botir Kudratxodjayev boshchiligidagi delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasiga tashrif buyurdi. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati xabar berdi.

Xabar qilinishicha, mazkur tashrif doirasida Xitoy Xalq-ozodlik armiyasi Bosh Harbiy prokurori Chjan Szin bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida tomonlar ikki davlat harbiy prokuratura organlari o‘rtasidagi hamkorlikning hozirgi holatini muhokama qilishdi.

Shuningdek jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida idoralararo hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari bo‘yicha fikr almashildi.

Uchrashuvning muhim voqeasi O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi va Xitoy Xalq Respublikasi Xalq-ozodlik armiyasi Harbiy prokuraturasi o‘rtasidagi Hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolanish marosimi bo‘ldi.

Tadbir yakunida tomonlar mazkur hujjat ikki davlat idoralari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalarining rivojlanishiga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.