O’zbekiston Sirdaryo viloyati maktablarining moddiy-texnik bazasi Janubiy Koreyalik hamkorlar tomonidan zamonaviylashtirilmoqda

Sirdaryo viloyati maktablarining moddiy-texnik bazasi Janubiy Koreyalik hamkorlar tomonidan zamonaviylashtirilmoqda

O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi tomonidan Sirdaryo viloyatining Mirzaobod va Oqoltin tumanlaridagi maktablarning moddiy-texnik bazasini zamonaviylashtirish yo‘nalishida amaliy ishlar olib borilmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xususan, elchixona tashabbusi bilan Janubiy Koreyaning Pyontek shahri meri Chan Chjon Son bilan muzokaralar o‘tkazildi.

Muloqot chog‘ida ikki mamlakat hududlararo hamkorlikni yana-da kengaytirish maqsadida Pyontek shahri va Sirdaryo viloyati o‘rtasida birodarlik aloqalari o‘rnatilgani mamnuniyat bilan qayd etilib, istiqbolda ushbu hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirish borasida fikr almashildi.

Pyontek shahri meri Chan Chjon Son o‘zaro hamkorlik doirasida Sirdaryo viloyatidagi umumtaʼlim va ixtisoslashtirilgan maktablar moddiy-texnik bazasini zamonaviylashtirish maqsadida beg‘araz homiylik yordami ajratilishini maʼlum qildi.

Jumladan, Janubiy Koreya tomoni elchixona bilan hamkorlikda kompyuter, planshet, proyektor, printer, elektron doskalar, tegishlik kitoblar, darslik va zarur jihozlarni ishlab chiqib, taqdim etish mexanizmlarini o‘rganib chiqishini bildirdi.

Erishilgan kelishuvlarni mustahkamlash maqsadida muzokaralar yakunida elchixona va Pyontek shahri meriyasi o‘rtasida do‘stona hamkorlik Memorandumi imzolandi.