O’zbekiston O‘zbekiston xotin-qizlarining ixtirolari Janubiy Koreyadagi xalqaro ko‘rgazmada namoyish etilmoqda

O‘zbekiston xotin-qizlarining ixtirolari Janubiy Koreyadagi xalqaro ko‘rgazmada namoyish etilmoqda

Ixtirochi ayollardan tashkil topgan O‘zbekiston delegatsiyasi aʼzolari Koreya Respublikasining KINTEX ko‘rgazmalar zalida tashkil etilgan «Xalqaro ixtirochi ayollar ko‘rgazmasida (KIWIE-2023)» o‘z ixtirolari bilan ishtirok etmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir Janubiy Koreya ixtirochi ayollari uyushmasi (KWIA), Koreya Respublikasi intellektual mulk ofici (KIPO) va Xalqaro intellektual mulk tashkiloti (WIPO) tomonidan tashkil etilib, ixtirochi ayollarning fan va texnologiya sohasida erishayotgan yutuqlari, tajribalari va yaratgan yangi texnologiyalarini o‘rganish hamda rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazilmoqda.

Ko‘rgazmada 30 dan ziyod davlatlardan 400 nafardan ortiq ixtirochi xotin-qiz texnika, texnologiya, tibbiyot, oziq-ovqat, yengil sanoat, kimyo va sanoatning turli yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z ixtirolari hamda innovatsion ishlanmalari bilan qatnashishmoqda.

Xalqaro ko‘rgazma doirasida turli mamlakatlardan tashrif buyurgan olima, ixtirochi va tadbirkor ayollar bilan yuzma yuz uchrashuvlar vv davra suxbatlari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, Intellektual mulk sohasidagi lider ayollar akademiyasida seminar ham tashkil qilinadi. O‘zbekiston delegatsiyasi aʼzolari ushu seminarda ishtirok etishib, ixtirolarni amaliyotga joriy qilish va tijoratini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘z malakalarini oshirib sertifikatlar olishadi.

Mamlakatimiz olima va tadbirkor ayollari O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan 2018 yildan buyon ushbu xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etib kelmoqda. «KIWIE – 2022» xalqaro tanlovida yurtimiz olima ayollari 1 ta maxsus sovrin – Gran-pri, 6 ta oltin, 6 ta kumush va 3 ta bronza medallarini qo‘lga kiritgan.

Ko‘rgazma 22 iyul kuniga qadar davom etadi va uning g‘oliblari ekspertlar tomonidan eʼlon qilinadi.