O’zbekiston Urologiya markazida yil boshidan buyon 2 mingdan ziyod murakkab operatsiyalar o‘tkazildi

Urologiya markazida yil boshidan buyon 2 mingdan ziyod murakkab operatsiyalar o‘tkazildi

Urologik kasalliklar keng tarqalgan xastaliklar sirasiga kiradi. Ayniqsa, prostata bezi xavfsiz gipperplaziyasi, erektil disfunksiya, bepushtlik, buyrak saratoni, o‘t qopi saratoni, peshobni tuta olmaslik shular jumlasidan.

Shu bois, aholiga urologik xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, bemorlarni sog‘lom hayotga qaytarishda ilg‘or muolaja usullaridan foydalanish muhim. Buning uchun zamonaviy texnologiyalar va salohiyatli kadrlar zarur, albatta.

— Joriy yil boshidan buyon bir guruh mutaxassislarimiz AQSH, Italiya va Hindiston davlatlarida malaka oshirib qaytdi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Shuhrat Muxtarov. — Shuningdek, Rossiya va Hindistonning 2 tadan ilg‘or klinikalari bilan hamkorlik memorandumlari imzolanishi ham soha rivoji uchun muhim qadamlar bo‘ldi.

Markazimizda yil boshidan buyon 3 ming 600 dan ortiq jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi. Ularning 2 mingdan ziyodi murakkab operatsiyalardir.

Yaqinda muassasamizga Chiroqchi tumanida yashovchi fuqaro E. J. imtiyozli yo‘llanma asosida murojaat qildi. U bir necha yildan beri prostata bezi xavfsiz giperplaziyasidan aziyat chekib kelgan.

Bemor peshob qila olmagani uchun o‘z yashash hududida teri orqali sistostomiya amaliyotini boshdan o‘tkazgach, sistostomik drenaj bilan yashagan.

Shundan so‘ng 2020-yilda qilingan operatsiyalar ham samarasiz bo‘lib, u umrbod drenaj bilan yashashiga to‘g‘ri kelayotgan edi. Ammo urologiya markazida yo‘lga qo‘yilgan ilg‘or jarrohlik amaliyotlari bemorni sog‘lom hayotga qaytarish imkonini berdi.

E. J. da sun’iy qovuq yasash operatsiyasi o‘tkazilib, 9 kundan so‘ng unga ambulator sharoitda davolanishi uchun shifoxonadan javob berildi. Ko‘p o‘tmay, bemor drenajdan xalos bo‘lib, hayot sifati sezilarli darajada yaxshilandi.

Aytish kerakki, bunday laparoskopik amaliyotlar bo‘yicha Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi O‘rta Osiyoda yagona hisoblanadi.