O’zbekiston Muqaddas Qurʼoni Karimning o‘zbek tilidagi tarjimasi Malayziyada chop etiladi

Muqaddas Qurʼoni Karimning o‘zbek tilidagi tarjimasi Malayziyada chop etiladi

O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Malayziyada joylashgan dunyoning ikkinchi eng yirik Qurʼoni Karim bosmaxonasi – «Nasyrul Quran» maʼrifiy majmuasiga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

«Nasyrul Quran» maʼrifiy majmuasi 2017 yilda taʼsis etilgan bo‘lib, Qurʼoni Karimni nashr etish bo‘yicha Madinadagi Qirol Fahd nomidagi majmuadan keyingi dunyodagi ikkinchi eng yirik bosmaxona hisoblanadi. Majmuada Qurʼon xattotligi galereyasi, bosmaxona faoliyatini kuzatish nuqtasi va anjuman xonalari faoliyat ko‘rsatadi. Muassasa nashriyot ishidan tashqari, islom xattotlik sanʼati va meʼmorchiligini o‘rganish hamda targ‘ib qilish, Qurʼon qo‘lyozmalarining yangi dizaynini ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi.

Tashrif davomida majmua direktori Abdullatif Mirasa bilan uchrashuv o‘tkazildi. Malayziya tomoniga respublikada turli jabhalarda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, diniy-maʼrifiy sohada va ziyorat turizmini rivojlashtirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

Abdullatif Mirasa O‘zbekistonning qadimiy tarixi va betakror madaniy merosi va buyuk allomalarining islom sivilizatsiya rivojiga qo‘shgan g‘oyat katta ilmiy, madaniy va maʼnaviy hissasini alohida taʼkidladi. Shu o‘rinda, islom sivilizatsiyasi boy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilish bo‘yicha respublikada amalga oshirilayotgan siyosatni yuqori baholadi.

Suhbatdosh xattotlik O‘zbekistonda fan darajasiga ko‘tarilgan bebaho sanʼatligini inobatga olgan holda, ushbu yo‘nalishda tajriba almashishni yo‘lga qo‘yishga qiziqish bildirdi.

Uchrashuv davomida Samarqanddagi Hadis ilmi maktabi tomonidan taqdim etilgan Qurʼoni Karimning o‘zbek tilidagi tarjimasi va 6 jildlik «Tafsiri irfon» (Qurʼoni Karim maʼnolarining o‘zbekcha tarjimasi va tafsiri) Malayziya tomoniga beg‘araz taqdim qilindi.

Muloqot yakunida Malayziya tomoni va Samarqanddagi Hadis ilmi maktabi hamkorligida Qurʼonning o‘zbek tilidagi tarjimasini Malayziyada nashr qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, xattotlik sanʼati bo‘yicha ilg‘or tajriba almashish maqsadida Malayziya vakillarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil qilish, tashkilot rahbari boshchiligidagi delegatsiyaning navbatdagi «Xalqaro Ziyorat turizmi haftaligi»da ishtirok etish rejalari belgilandi.

Bundan tashqari, hamkorlikda islom xattotligi bo‘yicha ko‘rgazma tashkil etish, qo‘shma seminar va treninglar, O‘zbekistonning ziyorat turizmini targ‘ib qilish bo‘yicha boshqa maʼrifiy dasturlarni amalga oshirish to‘g‘risida kelishib olindi.

Uchrashuvdan so‘ng «Nasyrul Quran» maʼrifiy majmuasi direktori Abdullatif Mirasa “Dunyo” AA uchun bergan intervyusida O‘zbekistonning ko‘p asrlik tarixi va betakror madaniy merosini eʼtirof etdi.

– Bugun maʼrifiy majmuamiz faoliyati bilan tanishgan holda, O‘zbekiston muassasalari bilan hamkorlik rejalarimizni kelishib oldik, – dedi u. – Islom sivilizatsiyasi boy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilish bo‘yicha respublikada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yuqori baholaymiz. O‘zbekistonning ko‘p asrlik tarixi va betakror madaniy merosiga hurmatimiz cheksiz. O‘zbekiston zaminida yashagan tarixiy shaxslar islom sivilizatsiyasi rivojiga g‘oyat katta ilmiy, madaniy va maʼnaviy hissa qo‘shgan. Xususan, Imom Buxoriyning hadis ilmi taraqqiyotidagi muhim o‘rni Malayziyada yaxshi tanilgan. Bilamizki, xattotlik O‘zbekistonda fan darajasiga ko‘tarilgan bebaho sanʼat hisoblanadi. Shuning uchun ham ushbu yo‘nalishda, tajriba almashishni yo‘lga qo‘yishga katta qiziqishimiz bor. Undan tashqari dunyoning ikkinchi eng yirik Qurʼoni Karim bosmaxonasida Qurʼonning o‘zbek tilidagi tarjimasi chop etilishi bo‘yicha kelishuvga erishdik.

Umuman olganda, bizning hamkorligimiz Islom dinining tinchlikparvarlik mohiyatini keng targ‘ib qilish, madaniyat va sanʼat sohasidagi loyihalarni jadallashtirishga hissa qo‘shishiga ishonchim komil.