Ichki ishlar Oʻzganing xonadoniga oʻgʻirlikka tushgan fargʻonalik shaxs qoʻlga olindi

Oʻzganing xonadoniga oʻgʻirlikka tushgan fargʻonalik shaxs qoʻlga olindi

Joriy yilning 14-iyul kunidan 15-iyuliga oʻtar kechasi nomaʼlum shaxs oʻzganing mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida Buxoro viloyati Gʻijduvon tumani “Biyosin” mahallasida yashovchi boshqa bir fuqaroning yashash xonadoniga gʻayriqonuniy ravishda kirib, xonadonda boʻlgan bir dona bahosi 2.5 mln soʻm boʻlgan “Samsung- A30” rusumli uyali aloqa vositasi hamda bir dona bahosi 11.800.000 soʻmlik “ASER” rusumli noutbukni yashirin ravishda oʻgʻirlab, jabrlanuvchiga jami 14.3 mln soʻmlik zarar yetkazib, hodisa joyidan yashiringan.

Mazkur holat yuzasidan tuman IIB tomonidan nomaʼlum shaxsga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 2-qismi bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi boʻyicha olib borilgan tezkor-texnik, surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni Fargʻona viloyati Quva tumani “Tinchlik” mahallasida yashovchi, 1987-yilda tugʻilgan V.O. ismli shaxs sodir qilganligi aniqlangan.

Hozirda ushbu shaxsning boshqa xuddi shu turdagi fosh etilmasdan qolayotgan jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash yuzasidan tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.