Prokuratura Ishga joylashtirib qo‘yish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etildi

Ishga joylashtirib qo‘yish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etildi

Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda Milliy gvardiya Samarqand viloyati boshqarmalari tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro I.N. fuqaro J.Sh.ni go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida 3 000 AQSH dollari evaziga Milliy gvardiya tizimiga ishga joylashtirib qo‘yishini aytib, oldindan 1 500 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi, Departament hamda DXXning Jizzax viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi hamshirasi M.N. fuqaro X.M.ni tanishlari yordamida ushbu markazga ishga joylashtirib qo‘yish evaziga 900 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Xuddi shunday, Departament hamda DXXning Jizzax viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi sho‘ba boshlig‘i J.A. fuqaro M.K.ni shahardagi tibbiyot birlashmalaridan biriga ishga joylashtirib qo‘yish evaziga 800 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Departamentning Qo‘shtepa tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tuman Tibbiyot birlashmasiga qarashli oilaviy poliklinika sobiq bosh hamshirasi S.K. fuqaro Sh.A.ning ishonchiga kirib, uni birlashmaning patronaj xizmatiga ishga joylashtirib qo‘yishi evaziga 750 AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlanib, S.K.ning ushbu pullar hisobidan 500 ming so‘mni qaytarganligi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.