Moliya Hisob palatasi “Masofaviy nazorat” markazi orqali milliardlab mablagʻlarning talon-toroj boʻlayotganini aniqlamoqda

Hisob palatasi “Masofaviy nazorat” markazi orqali milliardlab mablagʻlarning talon-toroj boʻlayotganini aniqlamoqda

Xususan, Andijon davlat universitetida qariyb 40 mlrd soʻm naqd pul talon-toroj qilingan.

Hisob palatasining yagona “Masofaviy nazorat” markazi tahlillari asosida aniqlashicha, Andijon davlat universitetida jami 39,3 mlrd soʻm naqd pul mablagʻlari talon-toroj qilingan.

Jumladan:

➖kontrakt mablagʻlari hisobidan stipendiyasiz shaklda tahsil olgan 8 761 nafar talabaga 25,1 mlrd soʻm ortiqcha stipendiya hisoblanib, toʻlov qaydnomalari soxtalashtirilgan;

➖talabalar tomonidan toʻlangan 9,3 mlrd soʻm toʻlov-kontrakt summalari universitet hisob raqamiga kirim qilinmagan;

➖talabalarga hisoblangan 2,7 mlrd soʻm ragʻbatlantirish mablagʻlari tarqatilmasdan, ularning imzolari soxtalashtirilgan;

➖byudjet mablagʻlari hisobidan 2 226 nafar talabaga bitta davr uchun ikki martadan 1,1 mlrd soʻm ortiqcha hisoblangan stipendiya oʻzlashtirilgan;

➖talabalar yotoqxona ijarasidan tushgan 911,8 mln soʻmlik naqd pullar universitet hisob raqamiga kirim qilinmasdan noqonuniy oʻzlashtirilgan.

➖universitetga xizmat uyi xarid qilish uchun jismoniy shaxs bilan 2,5 mlrd soʻmlik toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzib, shundan 300 mln soʻmi notoʻgʻri oʻtkazilgan.

Aniqlangan noqonuniy oʻzlashtirilgan mablagʻlardan 5,1 mlrd soʻmi undirilishi taʼminlandi. Tekshirish yakuni bilan rasmiylashtirilgan hujjatlar toʻplami huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.