O’zbekiston O‘zbekistonning tibbiyot, tibbiy taʼlim va farmatsevtika sohalarida Italiya tajribasini joriy etish masalalari...

O‘zbekistonning tibbiyot, tibbiy taʼlim va farmatsevtika sohalarida Italiya tajribasini joriy etish masalalari muhokama qilindi

Mamlakatimiz elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov va Italiyaning Lombardiya sog‘liqni saqlash hududiy maslahatchisi Gvido Bertolaso o‘rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston elchisi Otabek Akbarov uchrashuvning ochilish qismidagi nutqida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Italiyaga amalga oshirgan oliy darajadagi tashrif yakunlari to‘g‘risida maʼlumot berib, ikki tomonlama aloqalar Strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganiga alohida taʼkidladi. Elchi Lombardiya hududi sog‘liqni saqlash sohasida ilg‘or zamonaviy tajribaga egaligini qayd etgan holda, O‘zbekiston uchun Italiya tajribasini joriy qilish muhimligini bildirdi.

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov o‘z chiqishida mamlakatimizda davlatimiz rahbari boshchiligida aholi salomatligini saqlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va xorijiy tajribani jalb etish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida so‘zlab berdi. Vazir O‘zbekiston tibbiyot, tibbiy taʼlim va farmatsevtika sohalarida Italiya tajribasini joriy etish maqsadida bir qator muhim takliflar, jumladan ikki mamlakat sohai vakillari, yetakchi kompaniyalari ishtirokida O‘zbekistonda tibbiyot va farmatsevtika sanoati forumini tashkil etish tashabbusi bildirildi.

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri mamlakatimizdagi mavjud sog‘liqni saqlash tizimini yana-da rivojlantirish bo‘yicha tegishli uchrashuv va muzokaralar o‘tkazish maqsadida Lombardiya delegatsiyasini yurtimizga tashrif bilan kelishga taklif qildi.

Lombardiya sog‘liqni saqlash hududiy maslahatchisi Gvido Bertolaso bildirilgan takliflarni katta qiziqish bilan qabul qilib, Lombardiya ilg‘or tajribasini O‘zbekistonda joriy etish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilishga tayyor ekanligini maʼlum qildi. Gvido Bertolasoning aytishicha, Lombardiya sog‘liqni saqlash tizimi innovatsion tibbiy va jarrohlik texnologiyalari keng qo‘llanilishi, shifokorlarni o‘qitishning zamonaviy usullaridan foydalanishi hamda ilmiy izlanishlar olib borilishi bilan ajralib turadi.

Uchrashuv yakunida muhokama qilingan masalalar ijrosi bo‘yicha «Yo‘l xarita»sini ishlab chiqish yuzasidan kelishuvga erishildi.