O’zbekiston Shavkat Mirziyoyev: Kelgusi yetti yilga mo‘ljallab ishlab chiqilgan strategik maqsadlarga erishish uchun...

Shavkat Mirziyoyev: Kelgusi yetti yilga mo‘ljallab ishlab chiqilgan strategik maqsadlarga erishish uchun bizda barcha kuch va imkoniyatlar bor

“Biz saylovning ertasi kuniyoq belgilab olingan ulkan maqsadlarni amalga oshirish bo‘yicha qat’iy harakatlarni boshladik. Chunki vaqt, hayot bizni kutib turmaydi. Davrning o‘zi barchamizni tezkor bo‘lishga, kerak bo‘lsa, vaqtdan o‘zib ishlashga undamoqda.

Kimki “Saylov o‘tdi – safarbarlik tugadi”, deb o‘ylasa, xato qiladi. Haqiqiy safarbarlik endi boshlanadi. Chunki xalqimiz bizga ishonib topshirgan katta-katta reja va dasturlarni o‘zimiz bajarmasak, ayting, chetdan kim kelib bajarib beradi?

Kelgusi yetti yilga mo‘ljallab ishlab chiqilgan strategik maqsadlarga erishish uchun bizda barcha kuch va imkoniyatlar bor.

Qudratli xalqimizga tayanib, aql-zakovatimiz, bilim va tajribamizni ishga solib, islohotlarimiz sur’ati va samarasini yanada oshiramiz, hech qachon susaytirmaymiz. Qanchalik qiyin va mashaqqatli bo‘lmasin, tanlagan yo‘limizdan ortga qaytmaymiz.

“Har bir kun – bu imkoniyat, har bir kun – bu kelajak poydevori” degan shior bugundan boshlab hayotimiz qoidasiga, har qaysi rahbarning, barcha xalq noiblari, vazir va hokimlarning kundalik faoliyat dasturiga aylanishi shart”, – dedi davlat rahbari.