Xitoyning Gansu provinsiyasi Lanchjou shahrida tashkil etilgan «Imkoniyatlar almashinuvi, hamkorlikni chuqurlashtirish va farovonlikni yaratish» mavzusidagi 29-savdo va investitsiya yarmarkasida O‘zbekiston milliy mahsulotlari namoyish etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir Xitoy Savdo vazirligi, Bozorni tartibga solish davlat maʼmuriyati, Milliy sanoat va savdo federatsiyasi, Gansu provinsiyasi Xalq hukumati hamda boshqa vazirlik va idoralar ko‘magida tashkil etildi.
Yarmarkada O‘zbekiston milliy stendi tashkil etilib, unda mamlakatimizning savdo, investitsiya va sayyohlik salohiyati namoyish etildi. Xususan, ko‘rgazmada tekstil, hunarmandchilik, qandolatchilik, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, quruq mevalar, ichimlik suvlari va boshqa mahsulotlar mehmonlar eʼtiboriga taqdim etildi.
Tadbirda 1,5 mingga yaqin mahalliy va xorijiy kompaniyalar o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etdi. Besh kun davom etgan ko‘rgazmaga 400 mingdan ziyod mehmonlar tashrif buyurdi.
Yarmarka Xitoyning Gansu provinsiyasi va xorijiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarini kengaytirish, o‘z mahsulotlarini namoyish etish, yangi hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni o‘rnatish, ishlab chiqarishni rivojlantirish hamda hududlar o‘rtasida sheriklik munosabatlarini o‘rnatishga qaratilgan.
Tadbir doirasida, shuningdek, O‘zbekiston sayyohlik imkoniyatlarini yana-da kengroq namoyish etish va yaqindan tanishtirish, ularning mamlakatimizga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish maqsadida Lanchjou metro liniyalarida O‘zbekistonga bag‘ishlangan videoroliklar namoyishi tashkil etildi.
Lanchjou shahri Gansu provinsiyasining administrativ markazi bo‘lib, u yerda 3 milliondan ziyod aholi istiqomat qiladi. Lanchjouda kimyo, farmatsevtika, mashinasozlik, metallurgiya, neftni qayta ishlash, mato, tamaki, charm va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish sohalari rivojlangan.
«Suifenhe Dinghong» kompaniyasi menejeri Chjao Silyan:
– Biz Lanchjou shahrida tashkil etilgan yarmarkada O‘zbekiston mahsulotlari bilan qatnashmoqdamiz. Aytish kerakki, yurtingizda ishlab chiqarilgan sifatli mahsulotlar xitoylik isteʼmolchilarning mehrini qozonib bormoqda va hozirda Xitoyda juda mashhur. Ayniqsa qandolatchilik va shirinlik mahsulotlarini sevib isteʼmol qilishmoqda.
Xitoyda bo‘lib o‘tadigan bunday yirik ko‘rgazma va yarmarkalarda O‘zbekistonning doimiy ishtirokini ko‘rmoqdamiz. Bu albatta mamlakatingiz ishlab chiqaruvchilari uchun foydali, yangi bozor va hamqorlarni topish imkonini beradi.
«Gansu Timur Trading Co., Ltd.» kompaniyasi direktori Yang Jiye:
– O‘zbekiston Lanchjou shahrida bo‘lib o‘tayotgan yarmarkada qatnashayotganidan juda xursandman. Chunki O‘zbekiston stendi o‘zining milliy uslubda bezatilgani va mahsulotlarining rang-barangligi bilan ajralib turadi.
Bu yerda namoyish etilayotgan hurnarmandchilik mahsulotlari mening eʼtiborimni o‘ziga tortdi. Qo‘lda yasalgan keramika idishlari va yog‘ochdan o‘yib tayyorlangan kitob qo‘yish uchun lavh xitoyliklar orasida juda mashhur. Xaridorlar uning o‘ymakor naqshlaridan hayratga tushishadi, asosan kolleksiya qilish uchun sotib olishadi.