O’zbekiston Shavkat Mirziyoyev: Kechagi natija, qarash va mezonlar endi bizni qoniqtirmaydi

Shavkat Mirziyoyev: Kechagi natija, qarash va mezonlar endi bizni qoniqtirmaydi

Prezident xalqimizning yuksak ishonchi barchamizdan – deputat va senatorlar, vazir va hokimlar, davlat va nodavlat tashkilotlari rahbarlaridan, har bir yurtdoshimizdan belimizni yanada mahkam bog‘lab, avvalgidan ikki-uch karra ko‘proq g‘ayrat va shijoat bilan ishlashni talab etishini ta’kidladi.

“Oldimizda turgan davr O‘zbekiston uchun siyosiy, iqtisodiy- ijtimoiy, madaniy-gumanitar sohalarda tub burilish va ulkan o‘zgarishlar davri bo‘ladi.

Kechagi natija, kechagi qarash va mezonlar endi tarix. Ular endi bizni qoniqtirmaydi. Yangi davr uchun yangi g‘oya va tashabbuslar kerak, yangi natijalar kerak. Shundagina u tom ma’noda yangi davr bo‘ladi.

O‘zingiz ko‘rib turibsiz, bugun dunyo qanday shiddat bilan, keskin o‘zgarib bormoqda. Jahon miqyosida bir tarixiy davr nihoyasiga yetmoqda. Ayni vaqtda oldindan tahlil qilib bo‘lmaydigan jarayonlardan iborat o‘ta murakkab yangi bir davr boshlanmoqda.

Yer yuzining turli mintaqalarida davom etayotgan qurolli mojarolar global tinchlik va osoyishtalikka jiddiy putur yetkazmoqda. Bunday nizo va to‘qnashuvlar, shafqatsiz raqobat savdo va investitsiya oqimlarini, tovar va xizmatlar aylanishini izdan chiqarib, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi bo‘yicha yangi muammolar keltirib chiqarmoqda.

Dunyo miqyosida iqlim o‘zgarishi, tabiiy boyliklar va suv resurslarining tobora taqchil bo‘lib borayotgani ham barqaror rivojlanishga kuchli salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Biz mana shunday og‘ir va tahlikali vaziyatda xalqimiz manfaatlariga javob beradigan yagona to‘g‘ri yo‘lni – samarali ichki va tashqi siyosat yo‘lini aniq belgilab olishimiz va uni qat’iy amalga oshirishimiz lozim” – dedi Shavkat Mirziyoyev.