O’zbekiston Xirurgiya markazi mutaxassislari tomonidan shu yil boshidan qancha bemorga buyrak ko‘chirib o‘tkazildi?

Xirurgiya markazi mutaxassislari tomonidan shu yil boshidan qancha bemorga buyrak ko‘chirib o‘tkazildi?

Buyrak transplantatsiyasi — noyob amaliyotlar sirasiga kiradi. Biroq buning uchun zamonaviy tibbiy asbob-uskunalarning o‘zi yetarli emas. Aksincha, bunday murakkab operatsiyalar muvaffaqiyatini birinchi navbatda yetuk va malakali mutaxassislar ta’minlaydi.

Ochig‘ini aytish kerak, yaqin-yaqingacha o‘zbek shifokorlari tomonidan buyrak ko‘chirib o‘tkaziladi, deyilsa hech kim ishonmasdi. Tibbiyotdagi ijobiy o‘zgarishlar natijasida bugun deyarli barcha murakkab jarrohlik amaliyotlari O‘zbekistonning o‘zida, mahalliy mutaxassislar tomonidan mustaqil bajarilyapti.

Xususan, buyrak transplantatsiyasi – akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylangan.

Ta’kidlash lozimki, ayni paytda yurtimizda 4500 nafardan ziyod bemor dasturli dializ muolajasini qabul qiladi. Ularning 2000 nafardan ortig‘i transplantatsiya operatsiyasiga muhtoj.

— Shu kungacha markazimiz mutaxassislari tomonidan yurtimizda yaqin qarindoshlar orasida 1000 dan ortiq ana shunday murakkab amaliyotlar o‘tkazildi, — deydi muassasa direktori Saidmurod Ismailov. — Jumladan, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida shifokorlarimiz tomonidan 200 nafarga yaqin bemorda buyrak transplantatsiyasi bajarildi.

Quvonarlisi, ularning 35 tasi hududlarda o‘tkazildi. Bu esa bemorlar va ularning yaqinlari uchun ayni muddao bo‘lmoqda. Qolaversa, mazkur operatsiyalar orqali mahalliy shifokorlarning malaka oshirish imkoni ham yuzaga kelyapti.

Ma’lumot o‘rnida, buyrak transplantatsiyasi amaliyoti tuman darajasigacha tushirilib, bugungacha markaz shifokorlari tomonidan bunday operatsiyalar Denov, Beruniy, Oqoltin, To‘rtko‘l, Vobkent, Qo‘shko‘pir tumanlari hamda Guliston, Qo‘qon va Farg‘ona shaharlarida muvaffaqiyatli o‘tkazildi.