O’zbekiston Xorijiy aviakompaniyalarga O‘zbekistonga muntazam aviatashuvlarni amalga oshirish uchun ruxsatnomalar onlayn shaklda rasmiylashtiriladi

Xorijiy aviakompaniyalarga O‘zbekistonga muntazam aviatashuvlarni amalga oshirish uchun ruxsatnomalar onlayn shaklda rasmiylashtiriladi

O‘zbekistonga muntazam parvozlarni amalga oshirish uchun ruxsatnomalar xorijiy aviakompaniyalarga elektron shaklda taqdim etiladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Transport vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, xorijiy aviakompaniyalar tomonidan O‘zbekistonga muntazam aviatashuvlarni amalga oshirish uchun ruxsatnomalarni onlayn rasmiylashtirish imkonini beruvchi «Forma R» axborot tizimi ishga tushirildi.

Endilikda xorijiy aviakompaniya rasmiy vakili air.uztrans.uz manzili orqali belgilangan shaklda onlayn ariza to‘ldiradi. Shu kunga qadar mazkur jarayon anʼanaviy usulda, qog‘oz ko‘rinishidagi ruxsatnomalarni rasmiylashtirish orqali amalga oshirilib kelinayotgan edi.

Ushbu axborot tizimining ishga tushirilishi va jarayonning raqamlashtirilishi natijasida ortiqcha qog‘ozbozlik va ovoragarchilikning oldi olindi. Buning natijasida ruxsatnoma rasmiylashtirish jarayonida vaqt sarfi sezilarli darajada kamaytirildi.

Ruxsatnomani kelishish jarayonida, Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi va «O‘zaeronavigatsiya markazi» DUK hamda «Uzbekistan Airports» AJ tomonidan ko‘rib chiqiladi va transport vaziri o‘rinbosari tomonidan maxsus shakllantirilgan QR-kodga elektron raqamli imzo orqali tasdiqlanadi.