O’zbekiston Shavkat Mirziyoyev: Xalqimiz Yangi O‘zbekiston uchun ovoz berdi

Shavkat Mirziyoyev: Xalqimiz Yangi O‘zbekiston uchun ovoz berdi

Shavkat Mirziyoyev Prezident saylovi yangilangan Konstitutsiyamiz asosida o‘tkazilgani unga chinakam xalqchil ruh va mazmun bag‘ishlaganini ta’kidladi.

“Ushbu saylovda xalqimiz o‘z xohish-irodasini emin-erkin bildirib, Yangi O‘zbekiston uchun ovoz berdi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.

Mamlakatimiz hayotidagi g‘oyat muhim va mas’uliyatli bu siyosiy jarayon el-yurtimiz bilan birgalikda tanlagan va amalga oshirayotgan milliy taraqqiyot yo‘limiz naqadar to‘g‘ri ekanini yana bir marta tasdiqladi.

Saylovda 15 ta xalqaro tashkilotdan 466 nafar, 47 ta xorijiy davlatdan 331 nafar vakil xalqaro kuzatuvchi sifatida qatnashdi. Shu bilan birga, 1400 nafar mahalliy va xorijiy jurnalistlar saylov jarayonlarini atroflicha yoritib bordi.

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining uzoq muddatli missiyalari butun saylov jarayonlarini bevosita kuzatib bordi.

Shuningdek, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Parlamentlararo assambleyasi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkilotidan ham kuzatuvchilar ishtirok etdi. Bularning barchasi ushbu saylov jahon hamjamiyatida katta qiziqish uyg‘otganini ko‘rsatadi.

Mahalliy va xorijiy kuzatuvchilar saylov milliy qonunchiligimiz va umume’tirof etilgan xalqaro tamoyillar asosida, erkin va demokratik, sog‘lom raqobat va siyosiy kurash muhitida, ochiqlik va shaffoflik ruhida o‘tganini e’tirof etdilar.

Bu, o‘z navbatida, barchamizni birlashtirib, o‘z kuch va imkoniyatimizga bo‘lgan ishonchimiz, xalqimiz, Vatanimiz oldidagi mas’uliyatimizni yanada oshirishi tabiiy, albatta”, – dedi Prezident.