Shou-biznes Qo‘qonda “Turkiy tilli yoshlar” xalqaro festivalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

Qo‘qonda “Turkiy tilli yoshlar” xalqaro festivalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

Kecha Qo‘qon universiteti ochiq maydonida “Turkiy tilli yoshlar” xalqaro festivalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Xalqaro festivalda respublikamizning barcha hududlaridan, shuningdek, Xalqaro Turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOYga a’zo davlatlardan tashrif buyurgan 200 nafardan ziyod faol yoshlar va talabalar ishtirok etmoqda.

Festivalning ochilish tadbirida so‘z olgan viloyat hokimining o‘rinbosari Xurshidjon Ahmedov, turkiy davlatlar yoshlarini festival bilan muborakbod etib, har bir ishtirokchini faollikka chorladi.

Farg‘ona viloyati hokimligi, Madaniyat va turizm vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi tomonidan Xalqaro Turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY bilan hamkorlikda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 29 iyuldagi “Turkiy davlatlar bilan turizm sohasidagi hamkorlikni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori ilovasi bilan viloyatimizda o‘tkazilishi belgilangan madaniy-ma’rifiy tadbirlar Dasturi doirasida tashkil etilayotgan festival maqsadi ham yosh avlodning xalqlarimiz tarixi va milliy-madaniy merosga mehrini oshirish, Turkiy davlatlar tashklotiga a’zo davlatlar bilan turizm sohasidagi hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, yoshlarning turizm sohasidagi istiqbolli g‘oyalari va loyihalarini amalga oshirishdan iborat ekanligi qayd etildi.

Bayram kechasida ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar, go‘zal raqslar qardosh xalq vakillarini yanada jipslashtirdi.

15 iyulga qadar davom etadigan festival doirasida kitobxonlik kuni, milliy va etnosport turlari bo‘yicha sport musobaqalari, madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar, yoshlar uchun biznesni tashkil qilish, hunarmandchilik mahsulotlarini tayyorlash bo‘yicha davra suhbatlari, yoshlar bilan taniqli teatr va kino ijodkorlarining ijodiy muloqotlari tashkil etiladi.

Festival kunlarida bo‘lib o‘tadigan Turkiy tilli yoshlarning “Do‘stlik” kechasi, Qo‘qon shahridagi diqqatga sazovor joylarga sayohat, milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi, Rishtondagi Xalqaro Kulolchilik markazi hamda Uchko‘prik tumanidagi “Mehrigiyo” kichik korxonasi lavanda bog‘lariga tashrif bilan davom etadi.