O’zbekiston Sirdaryo viloyatining ikki tumaniga yangi hokim tayinlandi

Sirdaryo viloyatining ikki tumaniga yangi hokim tayinlandi

Xalq deputatlari Guliston tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tib, unda tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Bu haqda Sirdaryo viloyati hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Xabar berilishicha, deputatlar tomonidan Mamadaminov Ulmasjon Yarmaxammatovich nomzodi Guliston tumani hokimi lavozimiga tasdiqlangan.

U.Mamadaminov 1976-yilda Oqoltin tumanida tug‘ilgan. Mazkur tayinlovga qadar viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat olib borgan.

Shuningdek, Oqoltin tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tuman hokimi lavozimiga shu kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi devoni rahbari vazifasida ishlab kelayotgan Ernazarov Komiljon Yuldashaliyevich nomzodi tasdiqlangan.

Komiljon Ernazarov 1984-yil Sirdaryo tumanida tug‘ilgan. Mehnat faoliyatini viloyat moliya boshqarmasida yetakchi iqtisodchi sifatida boshlab, turli yillar davomida boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, sobiq Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining viloyat hududiy boshqarmasi hamda viloyat iqtisodiyot bosh boshqarmasi boshlig‘i vazifalarida faoliyat yuritgan.