O’zbekiston O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining qirq uchinchi yalpi majlisi 4 avgustda bo‘lib o‘tishi...

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining qirq uchinchi yalpi majlisi 4 avgustda bo‘lib o‘tishi belgilandi

Joriy yilning 1-avgust kuni Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Uni Senat Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Majlisda Senatning qirq uchinchi yalpi majlisini 2023-yilning 4-avgust kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Qayd etilganidek, videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda o‘tkaziladigan mazkur yalpi majlisda qator qonunlar hamda masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan.

Xususan, “Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi to‘g‘risida”gi, “Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kripto-aktivlar aylanmasi sohasida litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari tizimini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar shular jumlasidandir.

Shuningdek, “Advokatura to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 31-moddasiga o‘zgartirish kiritish haqida”gi, “Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 43-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish haqida”gi, “Veterinariya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonunlarni ko‘rib chiqish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olishning atrof muhit, suv va yo‘l xo‘jaligi obyektlariga salbiy taʼsiri yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilinadi.

Shuningdek, Kengash majlisida suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalari muhokama qilindi. Taʼkidlanganidek, suv resurslaridan tejamli foydalanish sohasida amalga oshirilgan islohotlar natijasida o‘tgan asrning 90-yillariga nisbatan suv sarfi yiliga 64 mlrd metr kubdan hozirgi kunda o‘rtacha 51 mlrd metr kubgacha kamaytirildi. Shuningdek, avvallari har bir gektar sug‘oriladigan maydonga o‘rtacha 16 ming metr kub suv ishlatilgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 10 ming metr kubgacha tushirildi. Qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishni rag‘batlantirish mexanizmlari joriy etilgan.

Biroq erishilgan ijobiy natijalar bilan birga sohada hal qilinishi lozim bo‘lgan qator muammolar saqlanib qolmoqda. Jumladan, mamlakatimizda olinadigan chuchuk suvning qariyb 90 foizi qishloq xo‘jaligida foydalanilib, har gektarga suv sarfi texnologik ilg‘or davlatlarga nisbatan 2-2,5 barobar ko‘p. Irrigatsiya tizimlaridagi nosozliklar tufayli ekin maydonlariga suv yetkazib berishda sezilarli yo‘qotishlar mavjud.

Yuzaga kelgan muammoni bartaraf etish choralarini ko‘rish maqsadida Senat tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohaga tegishli vazirlik va idoralar, keng jamoatchilik vakillaridan iborat ishchi guruh shakllantirildi.

Ishchi guruh tomonidan suv resurslarini muhofaza qilish, undan oqilona va samarali foydalanish, suvni boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish masalalari yuzasidan barcha soha va tarmoqlardagi muammolar va ularni hal qilish choralari qamrab olingan kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.

Muhokamalardan so‘ng mazkur masala yuzasidan Senat Kengashining tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan so‘ng Kengash aʼzolari Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid vazifalar ijrosi ustidan parlament nazorati samaradorligini yanada oshirish to‘g‘risidagi, shuningdek, hududlarda 2023–2024-yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning holatini o‘rganish to‘g‘risidagi masalalarni ham muhokama qildilar.