O’zbekiston Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialining yangi binosi foydalanishga topshirildi

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialining yangi binosi foydalanishga topshirildi

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialining mukammal ta’mirdan chiqarilgan 7 qavatli davolash binosi hamda yangi qurib bitkazilgan qabul-diagnostika binosi tantanali tadbir bilan foydalanishga topshirildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xabar qilinishicha tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori Davron Tulyaganov ishtirok etgan.

Bir yil davomida 32 mlrd. so‘m sarflanib amalga oshirilgan qurilish va rekonstruksiya ishlari natijasida muassasada bir sutkada bemor qabul quvvati 150 tadan 400 taga yetkazilgan.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi tomonidan filialni jihozlash uchun 3,6 mln. dollarlik, viloyatdagi tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlarining har biriga 1 mln. dollarlik yuqori texnologik tibbiy texnikalar ajratiladi.

Filialda yangi qurib bitkazilgan, bemorlarni kasallikning og‘irlik darajasi bo‘yicha taqsimlaydigan (triaj) tun-u kun ishlaydigan shoshilinch qabul bo‘limida aholiga zamonaviy shoshilinch tez tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida og‘ir bemorlar uchun alohida qizil yo‘lak, shoshilinch yordamga muhtoj bemorlar uchun sariq yo‘lak va ambulator yordam ko‘rsatish uchun yashil yo‘laklar tashkil etildi.

Bemorlarga davolash diagnostika standartlari bo‘yicha shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish uchun alohida shok zali, kichik operatsiya xonasi, muolaja xonasi, bolalarga yordam ko‘rsatish xonasi, travmatolog, neyroxirurg, xirurg, LOR, terapevt, laboratoriya va boshqa tor doiradagi mutaxassislar uchun alohida xonalar, to‘g‘ri tashxis qo‘yish va to‘g‘ri davolash ishlari olib borish uchun alohida funksional diagnostika bo‘limi tashkil etildi.

Eng asosiysi, mazkur muassasa zamonaviy tibbiy jihozlar bilan jihozlanishi natijasida 60 turdagi yuqori texnologik laparoskopik, torakoskopik va endovaskulyar jarrohlik amaliyotlari, davolash usullari tadbiq qilinib, yuqori texnologik operatsiyalar amalga oshirish imkoniyati yaratildi.