O’zbekiston O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili Rossiyaning Novosibirsk, Tomsk viloyatlari hamda Oltoy o‘lkasi bo‘ylab...

O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili Rossiyaning Novosibirsk, Tomsk viloyatlari hamda Oltoy o‘lkasi bo‘ylab amaliy safarda bo‘ldi

Joriy yilning 28 iyun – 8 iyul kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili, Fatvo markazi masʼul xodimi Habibullo Jo‘raboyevning Rossiyaning Novosibirsk, Tomsk viloyatlari hamda Oltoy o‘lkasiga safari tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mamlakatimizning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulligi maʼlumotiga ko‘ra, safar davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakilining mamlakatimiz fuqarolari ko‘pchilikni tashkil etadigan korxona va tashkilotlarda ishlayotgan mehnat migrantlari, oliy taʼlim muassalarida tahsil olayotgan o‘zbek talabalari, diaspora tashkiloti rahbarlari hamda faol vatandoshlar bilan uchrashuvi, davra suhbati va ochiq muloqotlari bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, dunyoviy va diniy qadriyatlarning o‘zaro bog‘liqligi, oila muqaddasligi, oila tarbiyasida milliy va umuminsoniy ahloqiy madaniyatning o‘rni, shuningdek, xorijda yurgan yoshlarni turli buzg‘unchi yot g‘oyalar, ekstremizm, terrorizm kabi salbiy oqimlar taʼsiriga tushib qolishlarining oldini olish bilan bog‘liq masalalar uchrashuvlarning asosiy mavzusi bo‘ldi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili Novosibirsk viloyati muftiysi Salim Shakirziyanov bilan ham uchrashdi. Suhbat chog‘ida diniy masalalarda hududlararo hamkorlik qilish, diniy ulamolar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish yuzasidan fikr almashildi.