Shou-biznes Farg‘ona vodiysida eramizdan avvalgi III asrda barpo etilgan qadimiy Axsikent shahri qayta...

Farg‘ona vodiysida eramizdan avvalgi III asrda barpo etilgan qadimiy Axsikent shahri qayta tiklanadi

Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Axsikent” arxeologik yodgorlik majmuasini vodiyning yirik turizm markaziga aylantirish bo‘yicha loyiha ustida ish boshlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Madaniyat va turizm vazirligi maʼlumotiga tayanib.

“Axsikent” mamlakatdagi yirik tarixiy obektlardan biri bo‘lib, uning imkoniyatlaridan samarali foydalanish nafaqat Namangan viloyati, balki butun Farg‘ona vodiysi turizm salohiyatini ko‘tarish, xorijiy va mahalliy sayyohlar oqimini bir necha barobar ortishi uchun imkoniyat beradi.

Shu kunlarda tarixiy majmuada maxsus loyihaning birinchi bosqichi doirasida arxeologlar tomonidan o‘rganilib, ochib qo‘yilgan to‘rtta obyektda ochiq osmon ostidagi muzeylar qurilishi boshlandi.

Keyingi bosqichda esa, sayyohlar uchun infratuzilma obyektlarini – katta istirohatgoh, hunarmandlar markazi va karvonsaroy hamda boshqa inshootlarni barpo etish maqsad qilingan. Rejaga ko‘ra, qadimgi “Axsikent” va Axsi qishlog‘ini daryo yoqalab bog‘lab, yaxlit yirik sayyohlik majmuasini barpo etiladi.

“Axsikent” eramizdan avvalgi III asrda tashkil topgan bo‘lib, qadimgi Farg‘ona davlatining poytaxti, Buyuk ipak yo‘lining asosiy shaharlaridan biri bo‘lgan. Tarixiy manbalarda, xususan, “Boburnoma”da ushbu kentning alohida ahamiyati haqida ko‘p yozilgan. Qadimdan bu yerda yer osti suv inshooti bo‘lgan, shuningdek, shishasozlik, kulolchilik, temirchilik, qurolsozlik kabi hunarmandlik turlari yaxshi rivojlangan.

Bugungi kunda Axsikentning 100 gektarga yaqin qismi saqlanib qolgan bo‘lib, Farg‘ona vodiysidagi eng katta arxeologik yodgorlikdir. Arxeologlar tomonidan temirchilar ustaxonasi, X – XIII asrlarga oid hammom qoldiqlari, askarlar xonalari, jomeʼ masjidi, mudofaa devorlari, yer osti irrigatsiya tarmoqlari, hunarmandlar mahallasi, hukmdor qarorgohi – Ark qazib o‘rganilgan.

2017-yilda “Axsikent” tarixiy yodgorligini asrab-avaylash va tadqiq etish, uni o‘rganish bo‘yicha ulkan ishlar boshlandi. “Axsikent” arxeologiya merosi obyektini muhofaza qilish va tadqiq etish direksiyasi» davlat unitar korxonasi tashkil etildi.