Prokuratura Tabiiy gaz va elektr tarmoqlariga noqonuniy ulanish holatlari fosh etilmoqda

Tabiiy gaz va elektr tarmoqlariga noqonuniy ulanish holatlari fosh etilmoqda

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Angren shahar bo‘limi tomonidan “HUDUDGAZ” Toshkent gaz ta’minoti xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “A.N.” MCHJ rahbari M.A. MCHJning avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasiga o‘rnatilgan gaz hisoblash uskunasiga tashqi ta’sir o‘tkazish orqali 4,1 mln kub tabiiy gazdan o‘g‘rilik yo‘li bilan foydalanib, davlat va jamiyat manfaatlariga 4,1 mlrd so‘m zarar yetkazganligi aniqlangan.

Shu kabi, Departamentning Andijon, Farg‘ona va Toshkent viloyati boshqarmalarining tuman-shahar bo‘limlari tomonidan ETK xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda Marhamat tumanidagi avtomobillarni yuvish shoxobchasida, Rishton tumanidagi oilaviy shifokorlik punktida, Oqqo‘rg‘on tumanidagi fermer xo‘jaligi dalasida hamda Farg‘ona shahridagi savdo do‘konida umumiy foydalanishdagi elektr tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanib, jami 215,4 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilganligi fosh etilgan.

Xuddi shunday, Departamentning Urgut tuman bo‘limi tomonidan ETK xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “X.N.” fermer xo‘jaligi mas’ul shaxslari xo‘jalik suv nasosini umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulab jami 130 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.

Departamentning Andijon shahar bo‘limi tomonidan ETK xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda “O.B.” MCHJ rahbari avtomobillarni yuvish shoxobchasi elektr hisoblash uskunasi tamg‘asini buzib, unga tashqi ta’sir o‘tkazish orqali 119,3 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) va 185-2-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.