Ichki ishlar Buxoroda fuqaroni 25 ming dollar evaziga AQSHga jo’natishni vaʼda qilgan shaxs ushlandi

Buxoroda fuqaroni 25 ming dollar evaziga AQSHga jo’natishni vaʼda qilgan shaxs ushlandi

Buxoro viloyati huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Buxoro shahar “Navro‘z” mahallasida yashovchi 43 yoshli G‘.D ismli ayol boshqa bir fuqaroni aldab, ishonchini suiisteʼmol qilib, uni AQSHga ishga jo‘natish uchun vakolatli tanishlari orqali viza olib berish hamda AQSHda yashovchi tanishlari orqali ishga joylashtirib qo‘yishni vaʼda qilgani aniqlangan.

Ayol “o‘z xizmati” evaziga 25 ming AQSH dollari miqdorida pul talab qilgan. U o‘zi yashab kelayotgan xonadonida kelishilgan pulning 10 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan fuqaro G‘.Dga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.