Prokuratura O‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan firibgarlar ushlandi

O‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan firibgarlar ushlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yangiyo‘l tuman bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar B.I. va M.I. fuqaro F.B.ni go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida Chirchiq davlat pedagogika universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 3 500 AQSH dollarini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Xudi shunday, Departamentning Rishton tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro B.X. fuqaro M.A.ning qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasi universitetidagi o‘qishini Farg‘ona politexnika institutiga ko‘chirib berishi evaziga 3 200 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi, Departamentning Qarshi shahar bo‘limi tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda fuqaro F.I. fuqaro E.A.ni Qarshi davlat universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 3 000 AQSH dollarini olgan vaqtida, shuningdek, fuqaro U.X. fuqaro Sh.Q.ni Qarshi shahridagi “Abu Ali ibn Sino” nomidagi jamoat salomatligi texnikumiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 1 400 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.